Respublikadagi maktab o’quvchilari uchun tennis sportiga ixtisoslashtirilgan «Juniors Tennis Initiative» dasturi yo’lga qo’yish bo’yicha yangi qaror qabul qilindi.
“Tennis sport turini ommalashtirish va rivojlantirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi Prezident qarori qabul qilindi. Qarorga koʻra, 2027-yil 1-yanvardan umumiy oʻrta taʼlim tashkilotlarida «Juniors Tennis Initiative» dasturi joriy qilinadi.
Bunda 1–4-sinf oʻquvchilari uchun jismoniy tarbiya darslarida tennisga qiziqishni shakllantirish boʻyicha boshlangʻich mashgʻulotlar yoʻlga qoʻyiladi.
Oʻquvchilarning tennisga qiziqishi hamda sport infratuzilmasi mavjudligiga qarab tennis rivojlantiriladigan umumiy oʻrta taʼlim tashkilotlari tanlab olinadi. Tanlangan umumiy oʻrta taʼlim tashkilotlarida tennis boʻyicha sport seksiyalari tashkil etiladi va ularning moddiy-texnika bazasi yaxshilanib, sport inventarlari, shu jumladan, «tennis wall» moslamalari bilan Oʻzbekiston tennis federatsiyasi mablagʻlari hisobidan jihozlanadi.
Mashgʻulotlarni ushbu umumiy oʻrta taʼlim tashkiloti joylashgan hududdagi sport maktabidan jalb etilgan trenerlar olib boradi.
Bundan tashqari, yuqoridagi qaror bilan 2023-yil 7-apreldagi PQ–114-son qarori 7-ilovasining 9 va 10-bandlaridagi miqdorlarga oʻzgartirishlar kiritildi. O’zgartirishlarga ko’ra, Osiyo va Paraosiyo o’yinlari g’oliblariga beriladigan pul mukofotlari miqdori oshirildi. Jumladan:
Osiyo va Paraosiyo oʻyinlari gʻoliblari hamda sovrindorlari quyidagi miqdorda bir martalik pul mukofoti bilan ragʻbatlantiriladi:
oltin medal uchun — 25 000 AQSH dollari;
kumush medal uchun — 12 500 AQSH dollari;
bronza medal uchun — 6 250 AQSH dollari.
Osiyo va Paraosiyo oʻyinlarida gʻolib va sovrindor boʻlgan sportchilarni tayyorlagan trenerlar quyidagi miqdorda bir martalik pul mukofoti bilan ragʻbatlantiriladi:
oltin medal uchun — 10 000 AQSH dollari;
kumush medal uchun — 5 000 AQSH dollari;
bronza medal uchun — 2 500 AQSH dollari.
