Ijtimoiy tarmoqlarda Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi davlat va nodavlat OTMlarga Hindiston hamda Bangladesh fuqarolarini talabalikka qabul qilmaslik bo‘yicha og‘zaki ko‘rsatma bergani haqida xabarlar tarqaldi. Vazirlik ushbu ma’lumot haqiqatga to‘g‘ri kelmasligini bildirdi.
Ijtimoiy tarmoqlarda Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi tomonidan davlat va nodavlat oliy ta’lim tashkilotlariga Hindiston hamda Bangladesh fuqarolarini talabalikka qabul qilmaslik bo‘yicha og‘zaki ko‘rsatma berilgani haqida xabar tarqaldi.
Mazkur xabar yuzasidan Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi munosabat bildirdi. Vazirlikning ma’lum qilishicha, ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan ushbu ma’lumot haqiqatga to‘g‘ri kelmaydi.
Qayd etilishicha, joriy o‘quv yilidan boshlab xorijlik abituriyentlarni O‘zbekiston oliy ta’lim tashkilotlariga qabul qilish jarayoni “Study in Uzbekistan” yagona elektron platformasi orqali amalga oshirilmoqda. Xorijlik abituriyentlar ushbu platforma orqali OTMlar, ta’lim dasturlari, qabul shartlari va to‘lov miqdorlari haqida ma’lumot olishi, hujjatlarini elektron shaklda topshirishi hamda ariza holatini kuzatishi mumkin.
Vazirlik O‘zbekiston xorijiy talabalar oqimini cheklashdan emas, aksincha, uni kengaytirishdan manfaatdor ekanini bildirdi. Bunda xorijiy talabalar geografiyasini kengaytirish va ta’lim eksportini rivojlantirish maqsad qilingan.
Shuningdek, xorijiy talabalarni qabul qilish hajmi har bir OTMning mavjud imkoniyatlaridan kelib chiqib, muassasaning o‘zi tomonidan belgilanadi. Bunda o‘quv auditoriyalari, o‘quv-laboratoriya bazasi, professor-o‘qituvchilar salohiyati, talabalar turar joylari va boshqa infratuzilma imkoniyatlari hisobga olinadi.
‘‘Xorijlik abituriyentlarga Oʻzbekistonda taʼlim olish uchun rasmiy “Study in Uzbekistan” platformasidan foydalanish, qabul shartlari boʻyicha maʼlumotlarni bevosita tanlangan oliy taʼlim tashkilotidan olish va turli vositachilarga asossiz toʻlovlarni amalga oshirmaslik tavsiya etiladi,’’ — deyiladi munosabatda.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq O‘zbekistonda eng ko‘p qaysi davlat fuqarolari tahsil olayotgani haqida maqola e’lon qilingan edi. Ta’lim sifatini ta’minlash milliy agentligi axborot-tahliliy sharhiga ko‘ra, 2025-yilda mamlakat OTMlarida 24 647 nafar xorijiy talaba tahsil olgan. Ularning 13 060 nafari Hindiston fuqarolari bo‘lgan.
