Joriy o‘quv yilidan boshlab ishlab chiqarish (amaliy) dasturiga yoʻnaltirilgan magistratura tizimi joriy etiladi

Joriy o‘quv yilidan boshlab ishlab chiqarish (amaliy) dasturiga yoʻnaltirilgan magistratura tizimi joriy etiladi

2026/2027-o‘quv yilidan magistraturada mutaxassislik xususiyatidan kelib chiqib, ishlab chiqarish (amaliy) va ilmiy-pedagogik dasturlar bo‘yicha kadrlar tayyorlash yo‘lga qo‘yiladi.

 

Hukumatning 2026-yil 17-sentyabrdagi 500-son qarori bilan oliy taʼlim tizimida magistratura bosqichida kadrlar tayyorlashni takomillashtirish hamda samaradorligini oshirish chora-tadbirlari belgilandi.

 

Qarorga koʻra, 2026/2027 oʻquv yilidan boshlab magistratura bosqichida kadrlar:

 

— ishlab chiqarish (amaliy) dasturiga yoʻnaltirilgan — kamida 1-yil;

— ilmiy-pedagogik dasturga yoʻnaltirilgan — kamida 2-yil muddatda tayyorlanadi.

 

Magistraturada taʼlim jarayoni aniq magistratura mutaxassisligi oʻquv rejalari va dasturlariga muvofiq kunduzgi, kechki yoki masofaviy taʼlim shakllarida tashkil etiladi.

 

Ishlab chiqarish (amaliy) dasturida tahsil oladigan talabalar mutaxassislik xususiyatidan kelib chiqib, magistrlik dissertatsiyasi o‘rniga quyidagi ishlardan birini tayyorlab, himoya qiladi:

 

  • loyiha ishi;
  • konstruktorlik loyihasi;
  • startap loyihasi;
  • ratsionalizatorlik g‘oyasi;
  • amaliy-ijodiy asar va boshqa turdagi ishlar.

 

Ilmiy-pedagogik dasturga yoʻnaltirilgan magistratura bitiruvchilari tomonidan magistrlik dissertatsiyasi tayyorlanadi. Dissertatsiya dastlabki himoyaga qadar plagiatga tekshiriladi va “yashirin ekspert taqrizi”dan oʻtkaziladi. Scopus hamda Web of Science maʼlumotlar bazalarida boʻlgan jurnallarda maqola eʼlon qilgan magistratura talabalari belgilangan tartibda ragʻbatlantirib boriladi.

 

Magistraturada o‘qish davomiyligini mutaxassislik xususiyatidan kelib chiqib muvofiqlashtirish Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligiga yuklatildi.

 

Muhim: Yuqoridagi qoidalar Odil sudlov akademiyasi, Davlat siyosati va boshqaruvi akademiyasi, Bank-moliya akademiyasi, Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Biznes va tadbirkorlik oliy maktabi, Toshkent davlat yuridik universiteti hamda oliy harbiy va harbiylashtirilgan taʼlim tashkilotlariga nisbatan tatbiq etilmaydi.

 

Eslatib o‘tamiz, avvalroq 2026/2027-o‘quv yilidan boshlab davlat OTMlarining kunduzgi bakalavriatida tahsil olayotgan pedagoglar farzandlari uchun to‘lov-kontrakt summasiga 30 foizlik chegirma berilishi haqida xabar berilgan edi.