“Toshkent metropoliteni” yo‘lovchilarni tig‘iz vaqtlarda tartib-qoidalarga amal qilishga chaqirmoqda

“Toshkent metropoliteni” yo‘lovchilarni tig‘iz vaqtlarda tartib-qoidalarga amal qilishga chaqirmoqda

Toshkent metropolitenida 2026/2027 o‘quv yili boshlangani sabab yo‘lovchilar oqimining sezilarli darajada ortishi ayrim bekatlarda gavjumlikni keltirib chiqarmoqda. Metropoliten ma’muriyati yo‘lovchilardan tig‘iz vaqtlarda o‘zaro hurmatni saqlash, belgilangan tartib-qoidalarga amal qilish va yuzaga keladigan kichik tirbandliklarga to‘g‘ri munosabatda bo‘lishni so‘ramoqda.

 

Xabaringiz bor, joriy yil 14-sentyabr kuni O‘zbekistondagi barcha oliy ta’lim muassasalarida yuqori bosqich talabalari uchun yangi o‘quv yili boshlandi. Shu munosabat bilan Toshkent shahrida jamoat transportidan, xususan, metropolitendan foydalanuvchilar soni keskin oshdi.

 

“Toshkent metropoliteni” AJ ma’lumotlariga ko‘ra, shu kuni metro xizmatlaridan 1 million 165 ming 550 nafar yo‘lovchi foydalangan. Bu metropoliten tarixidagi eng yuqori kunlik ko‘rsatkich hisoblanadi. Avvalgi rekord 2026-yil 8-may kuni qayd etilgan bo‘lib, o‘sha kuni 1 million 117 ming 61 nafar yo‘lovchi tashilgan.

 

Shuningdek, 16-sentyabr kuni metropolitendan 1 million 137 ming 794 nafar yo‘lovchi foydalangan. Yo‘lovchilar oqimining ortishi, asosan, o‘quv yili boshlanishi hamda ish va o‘qish vaqtlarida aholining bir vaqtda harakatlanishi bilan bog‘liq.

 

Metropoliten ma’lumotlariga ko‘ra, ayniqsa, ertalab soat 07:00–09:00 hamda kechki 16:00–19:00 oralig‘ida yo‘lovchilar oqimi keskin ortmoqda. Shu sababli ayrim bekatlarda, jumladan, “Chinor”, “Choshtepa”, “Chilonzor”, “Buyuk ipak yo‘li” va “Beruniy” bekatlarida gavjumlik kuzatilmoqda.

 

Yo‘lovchilar oqimini samarali tashkil etish maqsadida poyezdlar harakati yo‘nalishlar bo‘yicha turli intervallarda yo‘lga qo‘yilgan. Xususan, Chilonzor yo‘nalishida poyezdlar 1,5–2 daqiqada, O‘zbekiston yo‘nalishida 3 daqiqada, Yunusobod yo‘nalishida 4 daqiqada, Yer usti halqa yo‘nalishida esa 7–8 daqiqada harakatlanmoqda.

 

Yo‘lovchilar oqimining yuqoriligi inobatga olinib, zarur hollarda poyezdlar harakati intervallari qisqartirilmoqda. Metropoliten tomonidan tashish jarayoni muntazam tahlil qilinib, harakat jadvali yo‘lovchilar ehtiyojidan kelib chiqib muvofiqlashtirib borilmoqda.

 

Shu bois tig‘iz vaqtlarda metropolitendan foydalanishda yo‘lovchilarning o‘zaro hurmati va belgilangan tartib-qoidalarga amal qilishlarini hamda yuzaga keladigan kichik tirbantliklarni toʻgʻri tushungan holda harakatlanishlarini soʻrab qolamiz, — deyiladi “Toshkent metropoliteni” AJ xabarida.

 

Metropoliten ma’muriyati yo‘lovchilarga qulay va sifatli xizmat ko‘rsatishni ta’minlash maqsadida yo‘lovchilar oqimini muntazam nazorat va tahlil qilib borishini ma’lum qildi.

 

Avvalroq, 2026-yil 15-sentyabr kuni Toshkent shahar avtobuslarida yo‘lovchi tashish bo‘yicha rekord ko‘rsatkich qayd etilgani haqida xabar berilgandi. Kun davomida poytaxt jamoat transporti — avtobuslar xizmatlaridan 1 520 113 nafar yo‘lovchi foydalangan.