Davlat ro‘yxatidan o‘tkazilayotgan mutaxassisligi bo‘yicha kamida 20 yil ish stajiga va ilmiy darajaga ega tibbiyot hamda farmatsevtika xodimlari maxsus imtihon topshirmasdan davlat ro‘yxatidan o‘tkaziladi.
Prezidentning 2026-yil 10-sentyabrdagi “Tibbiyot va farmatsevtika xodimlarini davlat roʻyxatidan oʻtkazish tizimini joriy qilish toʻgʻrisida”gi 192-son Farmoni qabul qilindi.
Unga koʻra, 2027 yil 1-iyuldan bosqichma-bosqich tibbiyot va farmatsevtika xodimlarini davlat roʻyxatidan oʻtkazish orqali kasbiy faoliyat bilan shugʻullanish tizimi joriy etiladi.
Bunda davlat roʻyxatidan oʻtkazish tibbiyot va farmatsevtika faoliyati amalga oshiriladigan ixtisosliklar nomenklaturasiga kiritilgan mutaxassisliklarga nisbatan tatbiq etiladi. Ushbu nomenklatura asosida maxsus imtihon bilan yoki maxsus imtihonsiz davlat roʻyxatidan oʻtkaziladigan mutaxassisliklar roʻyxati tibbiyot va farmatsevtika xodimlarining bemorga tibbiy taʼsir koʻrsatish darajasidan kelib chiqqan holda Sogʻliqni saqlash vazirligi tomonidan tasdiqlanadi.
Davlat roʻyxatidan oʻtkazish va kasbiy faoliyat yuritishni monitoring qilish hamda maʼlumotlardan erkin foydalanish imkonini beruvchi Tibbiyot va farmatsevtika sohasi mutaxassislarining yagona elektron reyestri yuritiladi.
2030-yilga qadar tibbiyot va farmatsevtika xodimlari mutaxassisligi boʻyicha ixtiyoriy tartibda maxsus imtihon natijalariga koʻra yoki malaka toifalarini berish jarayonida avtomatik ravishda 5 yil muddatga davlat roʻyxatidan oʻtkaziladi.
Malaka toifasi berish amaliyoti bekor qilinadi
Shuningdek, mazkur Farmonga muvofiq 2030 yildan:
- tibbiyot va farmatsevtika faoliyati bilan shugʻullanish huquqi faqat davlat roʻyxatidan oʻtkazilgan shaxslarga 5 yil muddatga beriladi;
- tibbiyot va farmatsevtika xodimlarining davlat roʻyxatidan oʻtmasdan kasbiy faoliyat yuritishi taqiqlanadi;
- tibbiyot va farmatsevtika xodimlariga malaka toifasi berish amaliyoti bekor qilinadi;
- 2030-yilga qadar berilgan malaka toifalari ularning amal qilish muddati tugagunga qadar amal qiladi hamda ustamalar va lavozimga oid huquqlar tegishli muddat davomida saqlanadi;
- maxsus imtihon asosida davlat roʻyxatidan oʻtkaziladigan amaldagi tibbiyot va farmatsevtika xodimlari imtihondan oʻta olmagan taqdirda, 1 yil davomida imtihondan qayta oʻtish sharti bilan vaqtincha davlat roʻyxatidan oʻtkaziladi hamda shu davr mobaynida ish faoliyatini davom ettiradi;
- davlat roʻyxatidan oʻtgandan soʻng oʻz mutaxassisligi boʻyicha 3 yil yoki undan ortiq uzluksiz ishlamagan tibbiyot va farmatsevtika xodimlarining kasbiy faoliyat bilan shugʻullanishiga ixtisoslashuv kurslarini muvaffaqiyatli tamomlagandan hamda oʻz mutaxassisligi boʻyicha qayta davlat roʻyxatidan oʻtkazilgandan soʻng ruxsat beriladi;
- davlat roʻyxatidan oʻtkazilayotgan mutaxassisligi boʻyicha kamida 20 yil ish staji va ilmiy darajaga ega tibbiyot va farmatsevtika xodimlari maxsus imtihonsiz davlat roʻyxatidan oʻtkaziladi.
Bundan avvalroq, PF-191-songa muvofiq 2027-yil 1-yanvardan oilaviy tibbiyot boʻyicha rezidenturani tamomlagan oilaviy shifokorlar va shu yoʻnalishda magistraturani tamomlagan pedagog kadrlarga – mehnatga haq toʻlashning eng kam miqdorining 4 baravari miqdorida ustama berilishi haqida xabar berilgandi.
