“Umumiy tibbiyot” bitiruvchilari oilaviy shifokor lavozimida faoliyat yuritishi mumkin boʻladi

“Umumiy tibbiyot” bitiruvchilari oilaviy shifokor lavozimida faoliyat yuritishi mumkin boʻladi

Prezident farmoni bilan 2027/2028-o‘quv yilidan “Umumiy tibbiyot” bakalavriat yo‘nalishi bitiruvchilariga umumiy amaliyot shifokori kvalifikatsiyasi beriladi. Ular belgilangan tartibda oilaviy shifokor lavozimida ishlashi mumkin bo‘ladi.

 

Prezidentning 2026-yil 10-sentyabrdagi “Tibbiyot va farmatsevtika sohasida kadrlar tayyorlash tizimini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi 191-son farmoni qabul qilindi.

 

Unga ko‘ra, 2027/2028-o‘quv yilidan boshlab bakalavriat ta’lim yo‘nalishlari bo‘yicha tibbiyot sohasiga ajratiladigan davlat buyurtmasi parametrlari ta’lim yo‘nalishlari kesimida Sog‘liqni saqlash vazirligi tomonidan tasdiqlanadi.

 

Bunda:

 

  • aholi salomatligini tahlil qilish ilmiy-tadqiqot markazi tibbiyot va farmatsevtika kadrlariga boʻlgan joriy va istiqboldagi ehtiyojni oʻrganish boʻyicha asosiy ishchi organ hisoblanadi;
  • qabul koʻrsatkichlari tibbiyot va farmatsevtika kadrlariga boʻlgan joriy va istiqboldagi ehtiyojdan kelib chiqib, hududlar ehtiyoji, tibbiyot tashkilotlarining ehtiyoji hamda tegishli mutaxassisliklar boʻyicha kadrlar yetishmovchiligini hisobga olgan holda shakllantiriladi.

 

2027/2028-o‘quv yilidan tibbiyot sohasida kadrlar tayyorlovchi oliy ta’lim tashkilotlarida:

 

– davolash ishi bakalavriat taʼlim yoʻnalishi negizida “5+1” shaklidagi (bitiruvchi kurs talabalari bir yil toʻliq amaliyot oʻtashi shaklida) 6 yillik umumiy tibbiyot bakalavriat taʼlim yoʻnalishi joriy etiladi;

 

– amalda davolash ishi bakalavriat taʼlim yoʻnalishining tegishli bosqichlarida tahsil olayotgan talabalarning oʻquv jarayonlari yangi moslashtirilgan oʻquv reja va dasturlar asosida tashkil etiladi;

 

umumiy tibbiyot bakalavriat taʼlim yoʻnalishi bitiruvchilari umumiy amaliyot shifokori kvalifikatsiyasiga ega boʻladi va ular belgilangan tartibda oilaviy shifokor lavozimida faoliyat yuritishi mumkin boʻladi;

 

– tibbiyot sohasining barcha bakalavriat taʼlim yoʻnalishlarida bitiruvchi kurs talabalari uchun toʻliq oʻquv yili davomida amaliyot oʻtash tizimi joriy etiladi.

 

Bundan tashqari, stomatologiya yo‘nalishida amaliy mashg‘ulotlarni tashkil etish maqsadida tibbiyot oliy ta’lim muassasalariga stomatologiya poliklinikalari biriktirib beriladi.

 

Avvalroq, Prezident Shavkat Mirziyoyev tibbiyot va farmatsevtika sohasida kadrlar tayyorlash tizimini yangilash bo‘yicha takliflar bilan tanishgani haqida xabar berilgandi. Unda 2027/2028-o‘quv yilidan “Davolash ishi” o‘rniga 6 yillik “Umumiy tibbiyot” dasturini joriy etish, rezidentura va uzluksiz kasbiy ta’limni takomillashtirish taklif qilingandi.