O‘zbekistondagi maktab darsliklarini yangi o‘zbek alifbosiga bosqichma-bosqich o‘tkazish rejalashtirilmoqda. Jarayon 2027-yildan boshlanib, 2031-yilgacha barcha sinflar darsliklarini qamrab olishi kutilmoqda.
O‘zbekistondagi barcha umumiy o‘rta ta’lim maktablari darsliklarini yangi o‘zbek alifbosiga bosqichma-bosqich o‘tkazish rejalashtirilmoqda. Bu jarayon 2027–2031-yillar davomida amalga oshiriladi. Bu haqda Maktabgacha va maktab ta’limi vaziri o‘rinbosari Azizbek Turdiyev Senat majlisida ma’lum qildi.
Uning ta’kidlashicha, 2027-yildan boshlab 1-sinf o‘quvchilari uchun darsliklar yangi alifboda chop etila boshlaydi. Keyingi yillarda esa boshqa sinflar darsliklari ham ularning amaldagi foydalanish muddati va yangilanish davriga qarab bosqichma-bosqich yangi alifboga o‘tkaziladi.
Vazir o‘rinbosari darsliklarni yangi alifboga o‘tkazish uchun alohida qo‘shimcha mablag‘ talab qilinmasligini bildirdi. Chunki darsliklar belgilangan muddatlarda yangilanib boradi va shu jarayonda ularni yangi alifboda nashr etish ko‘zda tutilgan.
Shuningdek, yangi alifboga o‘tish jarayonida o‘qituvchilar va o‘quvchilarni tayyorlashga ham e’tibor qaratiladi. Buning uchun pedagoglar ishtirokida seminar va tushuntirish ishlari tashkil etilishi rejalashtirilgan.
Yangi o‘zbek alifbosida ayrim harflarning shakli ham o‘zgaradi. Xususan, «Sh», «Ch», «O‘» va «G‘» kabi harflarni yangi belgilar bilan ifodalash Senat tomonidan maqullandi.
Shuningdek, yangi tahrirdagi alifboga oʻtish jarayonida fuqarolar va tashkilotlarning huquq va manfaatlarini inobatga olish maqsadida Qonun kuchga kirguniga qadar amaldagi alifbo asosida rasmiylashtirilgan hujjatlar, milliy valyuta va qimmatli qogʻozlarning muomalada boʻlishiga toʻsqinlik qilinmasligi belgilanmoqda. Davlat organlari va tashkilotlarining ayrim ramziy belgilari, peshlavha va koʻrsatkichlardan esa ular yaroqsiz holatga kelguniga qadar yoki belgilangan muddatgacha foydalanishga ruxsat beriladi.
Yangi alifboga to‘liq o‘tish 2031-yilgacha yakunlanishi rejalashtirilmoqda.
