Toshkentdagi maktablar oldida o‘quvchilarni avtomobildan xavfsiz tushirish va olib ketish uchun maxsus to‘xtash zonalari tashkil etilmoqda. Dastlabki shunday zonalar Yunusoboddagi 5-sonli hamda Shayxontohurdagi 42-sonli maktab oldida tashkil etilgan.
Yo‘l harakatini tashkil etish markazi hamda tegishli tashkilotlar hamkorligida Toshkent shahridagi maktablar atrofida yo‘l harakati xavfsizligini oshirish maqsadida maxsus to‘xtash zonalarini tashkil etish ishlari boshlangan.
Dastlabki bosqichda bunday zonalar Yunusobod tumanidagi 5-sonli va Shayxontohur tumanidagi 42-sonli maktab oldida tashkil etilgan.
Mazkur hududlarda avtomobillarning qisqa muddatga tartibli to‘xtashi uchun tegishli yo‘l belgilari o‘rnatilib, yo‘l chiziqlari chizilgan.
Maxsus zonalar orqali ota-onalarga farzandlarini belgilangan joyda xavfsiz tushirish yoki olib ketish imkoniyati yaratiladi. Shuningdek, bolalarning avtomobildan bevosita qatnov qismiga tushib qolishining oldini olish, maktablar oldidagi tartibsiz to‘xtashlarni kamaytirish hamda ertalab va darslar tugaydigan vaqtda transport harakatini tartibga solish ko‘zda tutilgan.
Ayni paytda Toshkent shahrining boshqa maktablari oldida ham shunday to‘xtash zonalarini tashkil etish bo‘yicha ishlar olib borilmoqda.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Toshkentdagi ayrim maktablarda School Bus tizimiga ehtiyojni aniqlash maqsadida ota-onalar o‘rtasida so‘rovnoma o‘tkazilayotgani haqida xabar bergan edik. Endilikda dastlabki so‘rovnoma natijalari ma’lum bo‘ldi.
Bunda Toshkent shahridagi 328 ta maktabning o’quvchi soni ko’p bo’lgan va dastlabki hisob-kitoblarga School Bus tizimiga talab darajasi yuqori deb baholangan 29 tasida o‘tkazilgan. Unda 58 369 nafar o‘quvchining oila a’zolari yoki vasiylari ishtirok etgan.
