Toshkent shahrining qator tumanlarida o‘tkazilgan keng qamrovli tezkor-qidiruv tadbirlari davomida transmilliy narkotarmoq bilan bog‘liq 14 nafar shaxs qo‘lga olindi. Ular orasida nufuzli oliy ta’lim muassasasining 3-bosqich talabasi ham bo‘lib, uning boshqaruvidagi avtomashinadan 500 gramm alfa-PVP sintetik giyohvandlik moddasi aniqlangan.
Toshkent shahrining bir qator tumanlarida Ichki ishlar vazirligi Tezkor qidiruv departamenti va uning hududiy bo‘linmalari, Davlat xavfsizlik xizmati hamda Bojxona qo‘mitasi xorijiy davlatlarning huquqni muhofaza qiluvchi organlari bilan hamkorlikda keng qamrovli tezkor-qidiruv tadbirlarini o‘tkazilgan.
Tadbirlar davomida jinoiy sheriklarning o‘zaro aloqalari aniqlanib, ular yagona narkotarmoqning turli bo‘g‘inlari sifatida faoliyat yuritgani fosh etilgan.
Dastlabki yo‘nalishlardan birida 2005-yilda tug‘ilgan, nufuzli oliy ta’lim muassasasining 3-bosqich talabasi internet orqali faoliyat yurituvchi narkodo‘konda “kladmen” bo‘lib ishlagani aniqlangan.
U boshqaruvidagi “Onix” rusumli avtomashina Yangihayot tumani hududidagi postda to‘xtatilib, tekshirilgan. Tekshiruv davomida avtomobil saloniga yashirilgan 500 gramm alfa-PVP sintetik giyohvandlik moddasi aniqlanib, protsessual tartibda rasmiylashtirib olingan.
Tezkor tadbirlarning keyingi bosqichlarida jinoiy uyushmaning Namangan viloyatida faoliyat yuritgan a’zolaridan biri ham qo‘lga olingan. Tadbirlar davom ettirilib, jinoiy sheriklarning yagona narkotarmoq tarkibidagi faoliyati aniqlangan.
Xalqaro hamkorlik doirasidagi tezkor-qidiruv tadbirlari natijasida transmilliy jinoiy uyushma yetakchilaridan birining xorijiy davlat hududida yashirinib yurgani aniqlangan. U mazkur davlatning huquqni muhofaza qiluvchi organlari tomonidan qo‘lga olingan.
O‘tkazilgan tadbirlar natijasida uyushmaning 7 nafar omborchisi va ularga ishlagan 7 nafar “zakladchik”, shuningdek, uyushma yetakchilaridan biri qo‘lga olingan. Umumiy hisobda tezkor tadbirlar natijasida transmilliy jinoiy uyushmaning turli darajadagi 14 nafar a’zosi qo‘lga olingan.
Ulardan 71 433 ta bir martalik dozaga teng bo‘lgan jami 2,5 kilogramm alfa-PVP sintetik giyohvandlik moddasi protsessual tartibda rasmiylashtirib olingan.
Mazkur holat yuzasidan qo‘lga olingan barcha gumonlanuvchilarga nisbatan Jinoyat kodeksining 273-moddasi 6-qismi bilan jinoyat ishlari qo‘zg‘atilgan va ular qamoqqa olingan.
Avvalroq, Toshkentda talaba yashayotgan uyda giyohvandlik vositalari topilgan edi.
