2-sentyabr kuni, yangi o‘quv yilining ilk kunida Toshkentdagi avtomobillar oqimi odatiy ish kuniga nisbatan 30 foizga oshgan. Shunga qaramay, poytaxtdagi umumiy tirbandlik darajasi 6 ball atrofida saqlangan. Bu haqda Toshkent shahrida Yo‘l harakatini tashkil etish markazi (YHTEM) ma’lum qildi.
Yangi o‘quv yilining boshlanishi munosabati bilan Toshkent ko‘chalarida transport yuklamasi sezilarli darajada oshgan. 2-sentyabr kungi ko‘rsatkichlar 24-avgustdagi odatiy ish kunidagi transport oqimi bilan taqqoslangan.
Ma’lum qilinishicha, yuklamaning oshishiga qaramay, ayrim yo‘llarda harakat tezligi pasaygan bo‘lsa-da, tirbandliklarning keskin kuchayishiga yo‘l qo‘yilmagan.
YHTEM tomonidan transport oqimini markazlashgan tarzda kuzatish va boshqarish maqsadida Vaziyatlar markazi faoliyati yo‘lga qo‘yilgan. Markaz orqali poytaxtdagi deyarli barcha muhim tartibga solinadigan chorrahalar kuzatib boriladi.
Mutaxassislar real vaqt rejimida yo‘llardagi vaziyat, svetoforlarning ishlashi, avtomobillar navbatining shakllanishi va jamoat transporti harakatini tahlil qiladi. Ertalabki, kunduzgi va kechki vaqtdagi holat, shuningdek, yuklama yuqori bo‘lgan magistrallardagi transport oqimi alohida nazorat qilinadi.
Tirbandlik yuzaga kelganda nima qilinadi?
Transport oqimini boshqarish aniqlash, tahlil qilish, tartibga solish va natijani tekshirish tamoyili asosida amalga oshiriladi.
Avtomobillar navbati ortgan taqdirda mutaxassislar transport oqimi intensivligi va qo‘shni yo‘l uchastkalaridagi vaziyatni baholaydi. Zaruratga qarab:
- yuklama yuqori bo‘lgan yo‘nalishda yashil chiroq davomiyligi uzaytiriladi;
- svetofor fazalari qayta sozlanadi;
- qo‘shni svetoforlar o‘zaro muvofiqlashtiriladi;
- avtomobillar navbatining keyingi chorrahaga o‘tib ketishining oldi olinadi.
Svetofor sozlamalari yetarli bo‘lmaganda
Ta’kidlanishicha, agar tirbandlikka YTH, nosoz yoki yo‘lda to‘xtab qolgan avtomobil, yo‘l tasmasining yopilishi, ta’mirlash ishlari yoki to‘xtash qoidalarining buzilishi sabab bo‘lsa, bu haqdagi ma’lumot Toshkent shahar IIBB Jamoat xavfsizligi xizmati Yo‘l harakati xavfsizligi boshqarmasi xodimlariga tezkor yetkaziladi.
Zaruratga ko‘ra, joyning o‘zida harakatni qo‘lda tartibga solish, yo‘l tasmasini bo‘shatish yoki xavfsiz aylanib o‘tishni tashkil etish choralari ko‘riladi. Shuningdek, yo‘l, kommunal, avariya va boshqa tegishli xizmatlar jalb etilishi mumkin.
Vaziyatlar markazida yo‘l-transport holatini doimiy nazorat qiluvchi ishchi guruh faoliyat yuritadi.
Uning tarkibiga:
- Toshkent shahar YHTEM;
- Toshkent shahar Transport va yo‘l-transport infratuzilmasini rivojlantirish bosh boshqarmasi;
- Toshkent shahar IIBB Jamoat xavfsizligi xizmati YHXB;
- jamoat transporti dispetcherlik xizmatlari;
- muhandislik bo‘linmalari, transport modellashtirish mutaxassislari, tahlilchilar va dasturchilar vakillari kiradi.
Mahalliy mutaxassislar bilan birga xorijiy ekspertlar ham yo‘l-transport holatini tahlil qilib, transport oqimlari taqsimoti, tirbandlik sabablari va qabul qilinayotgan choralar samaradorligini o‘rganmoqda.
Yangi o‘quv yilining birinchi kuni natijasi
Avtomobillar soni 30 foizga oshganiga qaramay:
- tirbandlik ko‘rsatkichi 6 ball darajasida saqlangan;
- tirbandliklarning keskin ortishiga yo‘l qo‘yilmagan;
- harakatdagi qiyinchiliklar tezkor aniqlanib, zarur choralar ko‘rilgan;
- muhim chorrahalar doimiy nazorat ostida bo‘lgan.
Shuningdek, yaqin kunlarda monitoring kuchaytirilgan tartibda davom ettirilishi ma’lum qilingan. Oliy ta’lim muassasalari, akademik litseylar, texnikumlar va boshqa ta’lim muassasalarida mashg‘ulotlar boshlanishi bilan transport yuklamasi bosqichma-bosqich ortishi mumkin.
Avvalroq, Talimxabarlari.uz muxbiri maktablarda yangi o‘quv yili boshlangani munosabati bilan ilk kunning unutilmas lahzalari tasvirlangan fotoreportaj bilan bo‘lishgan edi.
