Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan maktab xodimlarining ish haqi to‘lovlari bilan bog‘liq xabarlarga munosabat bildirdi. Vazirlik 31-avgust dam olish kuni munosabati bilan o‘qituvchilarning ish haqidan mablag‘ ushlab qolinmasligini ma’lum qildi.
Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi ijtimoiy tarmoqlarda ayrim maktablarda xodimlar, jumladan, o‘qituvchilarning ish haqi to‘lovlari bo‘yicha tarqalgan xabarlarga munosabat bildirdi.
Vazirlik ma’lum qilishicha, maktablarda xodimlarga ish haqi shtatlar jadvali hamda tarifikatsiya ro‘yxati asosida ajratilgan dars soatlaridan kelib chiqqan holda hisoblanadi.
O‘qituvchilarga esa tarifikatsiya ro‘yxatida belgilangan oylik yuklama, ya’ni stavkasiga muvofiq ish haqi to‘lanadi.
Shuningdek, amaldagi mehnat qonunchiligiga ko‘ra, dam olish kuni munosabati bilan, jumladan, 31-avgust kuni uchun maktablarda ish haqidan ushlab qolish nazarda tutilmagan.
Vazirlik tomonidan 31-avgust kuni uchun ish haqini ushlab qolmasdan, to‘liq hajmda to‘lab berish bo‘yicha topshiriq berilgan.
Qayd etilishicha, maktab va maktabgacha ta’lim tashkilotlarining avgust oyi ikkinchi yarmi uchun ish haqi to‘lovlari bayramni ko‘tarinki kayfiyatda o‘tkazish maqsadida 29-avgustdan boshlab amalga oshirilmoqda.
