Ta’lim darajasi yuqori bo‘lmagan maktablarga boshqa hududlardan borib ishlash istagidagi pedagoglarni tanlash tartibiga o‘zgartirish kiritilmoqda. Bir vakant o‘rin uchun ikki yoki undan ortiq nomzod bo‘lsa, ular kasbiy bilim va ko‘nikmalar, pedagogik mahorat hamda psixologik qobiliyat bo‘yicha suhbat asosida saralanadi.
Vazirlar Mahkamasining 2021-yil 15-oktyabrdagi 646-son qarori bilan tasdiqlangan Ta’lim darajasi yuqori bo‘lmagan maktablarga ta’lim berish uchun boshqa hududlardan o‘qituvchi-pedagoglarni jalb etish tartibi to‘g‘risidagi nizomga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritildi.
Unga ko‘ra, vakant soatlar bo‘yicha bir o‘ringa ikki yoki undan ortiq nomzod bo‘lgan taqdirda, o‘qituvchilar kasbiy bilim va ko‘nikmalar, pedagogik mahorat hamda psixologik qobiliyat yo‘nalishlarida suhbatdan o‘tkaziladi.
Suhbat 100 ballik tizim asosida o‘tkaziladi. Bunda nomzodning kasbiy bilim va ko‘nikmalari 40 ball, pedagogik mahorati 30 ball hamda psixologik qobiliyati 30 ball bilan baholanadi.
Batafsil baholash mezonlari quyidagi jadvalda keltirilgan.
Nomzodlar har bir ishchi guruhi a’zosi tomonidan mustaqil ravishda baholanadi. Yakuniy ball ishchi guruhi a’zolari tomonidan qo‘yilgan ballarning o‘rtacha arifmetik qiymati asosida aniqlanadi.
Suhbat yakunlariga ko‘ra eng yuqori ball to‘plagan nomzod tegishli vakant soat uchun o‘qituvchi sifatida tanlab olinadi.
Ballar teng bo‘lib qolgan taqdirda esa nomzodlar amaldagi malaka toifasi darajasi, pedagogik ish staji hamda tegishli milliy yoki xalqaro sertifikatining mavjudligi va darajasiga ko‘ra saralanadi.
Shuningdek, saralash jarayoni onlayn tarzda ham amalga oshirilishi mumkin.
Eslatib oʻtamiz, 2026–2027-oʻquv yili uchun taʼlim darajasi yuqori boʻlmagan maktablar roʻyxatiga 303 ta umumtaʼlim maktabi kiritilgan.

