18 nafar maktab direktori ilg‘or tajribani o‘rganish uchun xorijga yuboriladi

18 nafar maktab direktori ilg‘or tajribani o‘rganish uchun xorijga yuboriladi

Maktab rahbarlari uchun tashkil etilgan intensiv rivojlanish kursida yuqori natija ko‘rsatgan 18 nafar direktor ilg‘or xorijiy tajribani o‘rganish va malakasini oshirish uchun xorijga yuboriladi. Kursda respublika bo‘yicha saralab olingan 205 nafar maktab rahbari strategik boshqaruv, liderlik, raqamli transformatsiya va sun’iy intellekt kabi yo‘nalishlarda bilim va ko‘nikmalarini oshirgan.

 

Bugun, 20-avgust kuni Ta’limni rivojlantirish respublika ilmiy-metodik markazida “Progressiv direktor: liderlik, boshqaruv, transformatsiya” shiori ostida umumiy o‘rta ta’lim maktablari rahbar kadrlari uchun tashkil etilgan intensiv rivojlanish kursi yakunlariga bag‘ishlangan tadbir bo‘lib o‘tdi.

 

Tadbirda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Boshqaruv samaradorligi agentligi direktori o‘rinbosari Mirshod Qurbonov, Ta’limni rivojlantirish respublika ilmiy-metodik markazi direktori o‘rinbosari Habibullo Nosirov, Abdulla Avloniy nomidagi Pedagogik mahorat milliy instituti birinchi prorektori Dildoraxon Hakimova hamda boshqa mutasaddilar ishtirok etdi.

 

Mirshod Qurbonov zamonaviy maktab direktori faqat topshiriqlarni taqsimlash va ijroni nazorat qilish bilan cheklanib qolmasligi kerakligini ta’kidladi.

18 nafar maktab direktori ilg‘or tajribani o‘rganish uchun xorijga yuboriladi

 

“Bugungi ta’lim boshqaruvida kechagi usullar bilan ertangi natijaga erishib bo‘lmaydi. Zamonaviy maktab direktori jamoani o‘ziga moslashtirishga emas, aksincha, jamoaning salohiyati, ehtiyoji va ishlash uslubini hisobga olgan holda o‘z boshqaruv yondashuvlarini moslashtirishga tayyor bo‘lishi kerak. Endilikda direktorning vazifasi faqat ishlarni taqsimlash va ijroni nazorat qilish bilan cheklanmaydi. U ta’lim jarayonini boshqarishda yangi texnologiyalar, ma’lumotlarga asoslangan qarorlar hamda zamonaviy va progressiv boshqaruv usullaridan samarali foydalanishi zarur.

 

Shu jihatdan, maktab rahbarlari uchun tashkil etilgan ushbu intensiv rivojlanish kursi alohida ahamiyatga ega. Kursda rahbarlarga zamonaviy boshqaruv yondashuvlarini faqat nazariy jihatdan o‘rgatish emas, balki ularni amaliy vaziyatlarda qo‘llash, jamoa bilan samarali ishlash va o‘zgarishlarni boshqarish ko‘nikmalarini rivojlantirishga e’tibor qaratilgani muhim. Ishonamanki, bu yerda egallangan bilim va tajriba maktablar boshqaruvida real o‘zgarishlarga xizmat qiladi”, — dedi Mirshod Qurbonov.

 

Ta’limni rivojlantirish respublika ilmiy-metodik markazi direktori o‘rinbosari Habibullo Nosirov mazkur kurs maktab rahbarlari uchun yakuniy bosqich emas, aksincha, ularning keyingi kasbiy rivojlanishi uchun yangi bosqich ekanini ta’kidladi.

 

18 nafar maktab direktori ilg‘or tajribani o‘rganish uchun xorijga yuboriladi

 

“Bugungi maktab rahbari faqat kundalik jarayonlarni boshqaruvchi emas, balki jamoani bir maqsad atrofida birlashtira oladigan, o‘zgarishlarni boshqaradigan va maktab rivojini strategik rejalashtira oladigan lider bo‘lishi kerak. Shu ma’noda, ushbu intensiv rivojlanish kursida nazariy bilim berish bilan cheklanmay, rahbarlarning amaliy boshqaruv kompetensiyalarini rivojlantirishga alohida e’tibor qaratildi. Strategik liderlik, inson kapitalini boshqarish, raqamli transformatsiya, sun’iy intellekt va zamonaviy boshqaruv yondashuvlari bo‘yicha olingan bilimlar endi maktablar faoliyatida o‘z natijasini ko‘rsatishi lozim.

 

Eng muhimi, bu kurs bilan jarayon yakunlanmaydi. Oldinda ishtirokchilarning natijalarini kompleks baholash, eng yuqori ko‘rsatkichlarga erishgan rahbarlardan “Oltin” va “Kumush” kadrlar zaxirasini shakllantirish hamda ularni ilg‘or xorijiy tajribalarni o‘rganish va malaka oshirish dasturlariga jalb etish kabi muhim bosqichlar turibdi. Shuningdek, bu yerda egallangan bilim va tajriba faqat bir maktab doirasida qolib ketmasligi kerak. Rahbarlar o‘z hududlariga qaytgach, ushbu tajribalarni kaskad usulida boshqa maktab rahbarlariga yetkazishi va tizimda ijobiy o‘zgarishlarni kengaytirishi muhim”, — dedi Habibullo Nosirov.

 

Abdulla Avloniy nomidagi Pedagogik mahorat milliy instituti birinchi prorektori Dildoraxon Hakimova maktab rahbarining kasbiy rivojlanishi ta’lim sifatiga bevosita ta’sir ko‘rsatishini, shu bois direktorlarning bilim va boshqaruv ko‘nikmalarini muntazam takomillashtirib borish muhimligini qayd etdi.

 

18 nafar maktab direktori ilg‘or tajribani o‘rganish uchun xorijga yuboriladi

 

“Maktabdagi o‘zgarish, avvalo, uning rahbaridan boshlanadi. Direktor zamonaviy bilimga, yangicha fikrlashga va jamoani ortidan ergashtira oladigan liderlik salohiyatiga ega bo‘lmasa, ta’lim sifatida kutilgan natijaga erishish qiyin. Shu jihatdan, ushbu intensiv rivojlanish kursi rahbarlarning mavjud bilimlarini mustahkamlash bilan birga, ularga o‘z faoliyatiga yangicha nigoh bilan qarash, boshqaruvdagi kuchli va rivojlantirilishi lozim bo‘lgan jihatlarini aniqlash imkonini berdi.

 

Eng muhim vazifa, kurs davomida olingan bilim va ko‘nikmalarni amaliyotga olib kirish. Rahbar o‘zgarishni avvalo o‘zidan boshlashi, keyin esa jamoasini ham shu o‘zgarishlarga birgalikda olib kirishi kerak. Ishonamizki, bu yerda shakllangan tajriba va yondashuvlar nafaqat ishtirokchilarning o‘z maktablarida, balki hududlardagi boshqa ta’lim muassasalarida ham ijobiy o‘zgarishlarga turtki beradi”, — dedi Dildoraxon Hakimova.

 

Mazkur intensiv rivojlanish kursi maktabgacha va maktab ta’limi tizimida progressiv kadrlar zaxirasini shakllantirishga qaratilgan loyiha doirasida Abdulla Avloniy nomidagi Pedagogik mahorat milliy institutining “Menejerlik kurslari”ni muvaffaqiyatli tamomlagan maktab direktorlari hamda direktorlik lavozimiga nomzodlar orasidan 84 va undan yuqori ball to‘plagan 205 nafar ishtirokchi respublika bo‘yicha saralab olindi. Saralangan ishtirokchilar uchun 11–15-avgust kunlari 40 soatlik, 5 kunlik intensiv rivojlanish kursi tashkil etilgan.

 

18 nafar maktab direktori ilg‘or tajribani o‘rganish uchun xorijga yuboriladi

 

Mashg‘ulotlarni Ta’limni rivojlantirish respublika ilmiy-metodik markazi, Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Davlat siyosati va boshqaruvi akademiyasi hamda Abdulla Avloniy nomidagi Pedagogik mahorat milliy institutidan jalb etilgan 20 nafar trener olib borgan.

 

Kurs o‘zaro uzviy bog‘langan 10 ta modulni qamrab olgan. Mashg‘ulotlarda strategik liderlik va shaxsiy samaradorlik, strategik boshqaruv va maktabni rivojlantirish, inson kapitalini strategik boshqarish, resurslar va moliyaviy boshqaruv, o‘zgarishlarni boshqarish, raqamli transformatsiya va sun’iy intellekt, strategik kommunikatsiya va hamkorlik, shuningdek, strategik loyihalash yo‘nalishlariga alohida e’tibor qaratilgan.

 

Ishtirokchilar nazariy bilimlarini amaliy keyslar, diagnostik topshiriqlar, muhokamalar va loyiha ishlari orqali mustahkamladi. Shu bilan birga, kurs davomida rahbarlarni o‘qitish metodikalari, “Direktorning ish kitoblari”, “Direktorning ish daftari” hamda raqamli o‘quv resurslari aprobatsiyadan o‘tkazilgan.

 

18 nafar maktab direktori ilg‘or tajribani o‘rganish uchun xorijga yuboriladi

 

Kurs yakunida tinglovchilarning o‘zlashtirish darajasi test sinovlari orqali baholangan. Shuningdek, ishtirokchilar “Kelajak maktabi: mening qarashim” mavzusida videotaqdimot tayyorlab, maktabni rivojlantirish bo‘yicha o‘z qarash va takliflarini taqdim etgan.

 

Loyiha doirasida maktab rahbarlarining keyingi kasbiy rivojlanish yo‘nalishlarini aniqlashga ham alohida e’tibor qaratilgan. Xususan, 17-avgust kuni Abdulla Avloniy nomidagi Pedagogik mahorat milliy instituti hamda hududiy pedagogik mahorat markazlarida intensiv rivojlanish kursiga jalb etilgan maktab rahbarlarining chet tilini bilish darajasini aniqlash bo‘yicha malaka sinovlari o‘tkazilgan.

 

Chet tilini bilish darajasi IELTS imtihoni namunasi asosida Toshkent shahridagi Turin politexnika universitetining mock24.uz platformasi orqali baholandi. Sinov natijalari maktab rahbarlarining chet tilini bilish darajasini aniqlash va ularning individual rivojlanish yo‘nalishlarini belgilashda hisobga olinadi.

 

18 nafar maktab direktori ilg‘or tajribani o‘rganish uchun xorijga yuboriladi

 

Keyingi bosqichda ishtirokchilarning kurs davomidagi natijalari, portfoliolari hamda yakuniy loyihalarining ekspert baholari umumlashtirilib, yakuniy reyting shakllantiriladi.

 

Shuningdek, yuqori natija ko‘rsatgan rahbarlarni ilg‘or tajribalarni o‘rganish va malakasini oshirish maqsadida rivojlangan xorijiy mamlakatlarga yuborish rejalashtirilgan. Kursni muvaffaqiyatli tamomlagan ishtirokchilar o‘z hududlariga qaytgach, egallagan bilim va tajribalarini kaskad usulida boshqa maktab rahbarlariga yetkazish hamda hududlarda rahbar kadrlarning kasbiy salohiyatini oshirish jarayonlariga jalb etiladi.

Bilimni baholash agentligi

AI bot abituriyentlarga yo'nalish tanlashga yordam beradi

Bilim va malakalarni baholash agentligi ma'lumotlari asosida.

Telegram'da ochish