Andijonda xususiy bog‘cha litsenziyasi uchun 10 ming dollar talab qilgan shaxs qo‘lga olindi

Andijonda xususiy bog‘cha litsenziyasi uchun 10 ming dollar talab qilgan shaxs qo‘lga olindi

Andijon viloyatida xususiy maktabgacha ta’lim tashkiloti ochish uchun zarur litsenziya va ruxsatnomalarni olib berishni va’da qilib, buning evaziga 10 ming dollar talab qilgan shaxs 5 ming dollarni olayotgan vaqtida ushlandi. Holat yuzasidan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.

 

Ichki ishlar vazirligining ma’lum qilishicha, 1984-yilda Andijon tumanida tug‘ilgan shaxs Baliqchi tumanida yashovchi 1974-yilda tug‘ilgan fuqaroga xususiy maktabgacha ta’lim muassasasi tashkil etishda yordam berishini aytgan.

 

U o‘zining yuqori lavozimlarda ishlaydigan tanishlari orqali xususiy bog‘cha ochish uchun zarur bo‘lgan litsenziya va boshqa ruxsatnomalarni olib berishni va’da qilgan.

 

Buning evaziga fuqarodan 10 ming dollar talab qilgan.

 

Ichki ishlar organlari tomonidan o‘tkazilgan tezkor tadbir davomida gumonlanuvchi Andijon shahrining Mustaqillik mahallasida kelishilgan pulning 5 ming dollarini olayotgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan qo‘lga olingan.

 

Mazkur holat yuzasidan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan va gumonlanuvchi protsessual tartibda ushlangan. Hozirda holat yuzasidan dastlabki tergov harakatlari olib borilayotgani ma’lum qilindi.

 

Avvalroq, Xorazmda pora olgan maktab direktoriga 3 yil qamoq jazosi tayinlangani haqida xabar bergan edik.