Bedarak yo‘qolgan 43 nafar talaba ishida gumonlanayotgan sobiq hokim qo‘lga olindi

Bedarak yo‘qolgan 43 nafar talaba ishida gumonlanayotgan sobiq hokim qo‘lga olindi

Meksikada sobiq hokim 2014-yilda bedarak yo‘qolgan 43 nafar talaba ishida dalillarni yo‘q qilishga aloqadorlikda gumonlanib ushlandi. Unga odil sudlovga to‘sqinlik qilish va majburiy yo‘qolish bilan bog‘liq ayblovlar qo‘yilmoqda.

 

Meksikaning Gerrero shtati sobiq gubernatori Anxel Agirre 2014-yilda bedarak yo‘qolgan 43 nafar talabaning taqdiriga oydinlik kiritishi mumkin bo‘lgan dalillarni yo‘q qilishga aloqadorlikda gumon qilinib qo‘lga olindi. Bu haqda mamlakat Bosh prokurori Ernestina Godoy ma’lum qildi.

 

Bosh prokurorning ta’kidlashicha, Anxel Agirre odil sudlovga to‘sqinlik qilish va majburiy yo‘qolish jinoyatlarida ayblanmoqda. Shuningdek, u avvalroq o‘ziga qo‘yilgan ayblovlarni rad etgan.

 

Mazkur ish Meksikadagi inson huquqlari bilan bog‘liq eng og‘ir fojialardan biri hisoblanadi. Tergov jarayonidagi xatolar va aralashuvlar sabab ish yillar davomida bahs-munozaralarga sabab bo‘lib kelgan.

 

Gap Ayotsinapa qishloq o‘qituvchilar kolleji talabalari haqida bormoqda. Xalqaro tekshiruvlar xulosasiga ko‘ra, ular Mexiko shahridagi namoyishga ketayotgan vaqtda uyushgan jinoyatchilik vakillari va politsiya xodimlari o‘rtasidagi til biriktirish oqibatida o‘ldirilgan.

 

Hozirgacha 3 nafar talabaning jasadi rasman aniqlangan. Qolgan 40 nafar talabaning taqdiri esa hanuzgacha noma’lum.

 

Bosh prokuror Ernestina Godoyning aytishicha, 2026-yilning yanvar va may oylarida olingan ikki shaxsning ko‘rsatmalari, ulardan biri himoya ostidagi guvoh, sobiq gubernator Anxel Agirre talabalar yo‘qolgan tun bilan bog‘liq dalillarni yo‘q qilish masalasida o‘z ma’muriyatidagi yuqori lavozimli amaldorlar bilan yig‘ilish o‘tkazgan bo‘lishi mumkinligini ko‘rsatgan.

 

Ammo yig‘ilish aynan qachon o‘tkazilgani yoki qanday dalillar yo‘q qilinganiga aniqlik kiritilmagan.

 

Yangi dalillar tahlili va qonuniy tartib-taomillarga muvofiq o‘tkazilgan tekshiruv Gerrero shtatining sobiq gubernatori Anxel ‘N’ning talabalarning qayerdaligini aniqlashga yordam berishi mumkin bo‘lgan dalillarni yo‘q qilishdagi ehtimoliy ishtirokini tasdiqladi, — degan bosh prokuror.

 

Meksika qonunchiligiga ko‘ra, gumonlanuvchining familiyasi to‘liq oshkor etilmagani sababli rasmiy bayonotlarda “N” harfi qo‘llaniladi.

 

Ernestina Godoyning ma’lum qilishicha, shtat rasmiylari avvalroq talabalar hukumat idoralari yaqinidan avtobuslarda o‘tayotganini aks ettirgan kuzatuv kameralari tasvirlari mavjud emasligini bildirgan.

 

Biroq, avval tahdidlar sabab sukut saqlagan guvohlardan biri joriy yilda tergov bilan hamkorlik qilishga rozi bo‘lgan.

 

Mazkur ishni tergov qilgan Mustaqil ekspertlar xalqaro fanlararo guruhi a’zosi Anxela Buitragoning aytishicha, uning jamoasi Anxel Agirre bilan bog‘liq tergov yo‘nalishini 2015-yilda ochgan.

 

Uning ta’kidlashicha, yangi ma’lumotlar davlatning mazkur jinoyat uchun javobgarligi haqidagi guruh xulosalarini yanada mustahkamlagan. Agar sobiq hokim yo‘q qilishni buyurgani aytilayotgan videotasvirlar avvalroq aniqlanganida, ular talabalarni topishga yordam bergan bo‘lishi mumkin edi.

 

Bu davlat jinoyatidir. Uni shtat yoki federal hokimiyat vakillari sodir etganidan qat’i nazar, — degan Anxela Buitrago.

 

Qayd etilishicha, Meksikaning sobiq prezidenti Enrike Penya Nyetoning matbuot kotibi mazkur ish yuzasidan izoh berish haqidagi so‘rovga hozircha javob bermagan. Penya Nyeto 2012–2018-yillarda Meksika prezidenti bo‘lgan.

Bilimni baholash agentligi

AI bot abituriyentlarga yo'nalish tanlashga yordam beradi

Bilim va malakalarni baholash agentligi ma'lumotlari asosida.

Telegram'da ochish