2026/2027-oʻquv yilidan barcha davlat va nodavlat maktabgacha taʼlim tashkilotlarida “Ilk qadam” milliy oʻquv dasturining uchinchi nashri joriy etiladi. Shuningdek, MTTlarda oʻyinga asoslangan taʼlimni rivojlantirish, pedagoglarning kasbiy kompetensiyalarini oshirish va sunʼiy intellekt hamda raqamli resurslardan foydalanish koʻnikmalarini takomillashtirish vazifalari belgilangan.
Oʻzbekiston Respublikasi Maktabgacha va maktab taʼlimi vazirligining 2026-yil 10-avgustdagi xatiga ilova bilan 2026/2027-oʻquv yiliga moʻljallangan maktabgacha taʼlim tashkilotlari faoliyatining asosiy vazifalari belgilandi.
Unga koʻra, yangi oʻquv yilida barcha davlat va nodavlat maktabgacha taʼlim tashkilotlarining taʼlim-tarbiya jarayoniga “Ilk qadam” milliy oʻquv dasturining uchinchi nashrini joriy etish koʻzda tutilgan.
Dastur doirasida taʼlim-tarbiya jarayonini bolalarning manfaatlari, ehtiyojlari va individual rivojlanish xususiyatlaridan kelib chiqib tashkil etish, oʻyin orqali taʼlim berish hamda bolalarning faol ishtirokini taʼminlashga eʼtibor qaratiladi.
Shuningdek, MTTlarda oʻyinga asoslangan taʼlim jarayonini “Bola, oʻyin va pedagog” loyihasi asosida bosqichma-bosqich joriy etish belgilangan. Bunda pedagogning taʼlim jarayonidagi yoʻnaltiruvchi, hamkor va fasilitator sifatidagi rolini kuchaytirish nazarda tutilgan.
2026/2027-oʻquv yilida 5–6 va 6–7 yoshli guruhlarda “Quvnoq matematika”, 4–5, 5–6 va 6–7 yoshli guruhlarda esa STEAM yondashuvi asosida ishlab chiqilgan “Bilagʻon bolajon” oʻquv-metodik majmualarini samarali joriy etish ham vazifalardan biri sifatida belgilangan.
Bundan tashqari, maktabgacha taʼlim tashkilotlarida ekologik tarbiya, sogʻlom turmush tarzi va jismoniy rivojlanishni qoʻllab-quvvatlovchi zamonaviy pedagogik yondashuvlardan foydalanish koʻzda tutilgan.
MTTlarda bolalar uchun xavfsiz, sogʻlom va rivojlantiruvchi taʼlim muhitini yaratish, sanitariya-gigiyena talablariga rioya etish, sogʻlom ovqatlanishni tashkil etish hamda zoʻravonlik va bullingning oldini olish boʻyicha profilaktik ishlarni tizimli tashkil etish vazifalari ham belgilangan.
Pedagoglarning kasbiy kompetensiyalarini uzluksiz rivojlantirishga ham alohida eʼtibor qaratiladi. Jumladan, zamonaviy pedagogik yondashuvlar, sunʼiy intellekt va raqamli taʼlim resurslaridan samarali foydalanish koʻnikmalarini takomillashtirish, ilgʻor milliy va xalqaro tajribalarni oʻrganish hamda “Metodik mahorat kuni” va “Metodik mahorat soati”ni samarali tashkil etish nazarda tutilgan.
Shuningdek, har bir tuman (shahar) va maktabgacha taʼlim tashkiloti mavjud shart-sharoit va imkoniyatlardan kelib chiqib bittadan qoʻshimcha asosiy vazifani belgilashi mumkin. Bunda qoʻshimcha vazifa hudud yoki tashkilot faoliyatining ustuvor yoʻnalishlari va mavjud muammolarni hal etishga qaratilishi tavsiya etilgan.
Yillik asosiy vazifalarning bajarilishi oʻquv yili davomida muntazam monitoring qilinib, natijalar pedagogik kengash yigʻilishlarida muhokama qilinishi belgilangan.
