Shotlandiyada o‘quvchilar avgust oyida maktablarga qaytadi. Edinburg shahridagi maktablarda esa o‘quvchilarga o‘quv kuni davomida, hatto tanaffus paytida ham mobil telefonlardan foydalanishga ruxsat berilmaydi.
Shotlandiyadagi maktablarda yangi o‘quv yili avgust o‘rtalarida, oliy ta’limda esa avgust oxirlarida boshlanadi. Joriy yildan boshlab Edinburg shahridagi maktablarda mobil telefondan foydalanish qat’iy taqiqlandi.
Ma’lum qilinishicha, Edinburg shahar kengashi maktablarda mobil telefonlardan foydalanishni keng ko‘lamda cheklashni joriy etgan ilk mahalliy hokimiyatlardan biri bo‘lgan.
Boshlang‘ich maktab o‘quvchilari telefonlarini kun davomida maxsus shkaflarda saqlashi kerak bo‘ladi. O‘rta maktab o‘quvchilari esa telefonlarini maxsus qulflanadigan g‘iloflarga solib qo‘yadi.
Bu tizim endi yo‘lga qo‘yilayotgani sabab hamma maktablarda ham o‘quv yili boshidanoq bunday g‘iloflar mavjud bo‘lmaydi.

Edinburg shahar kengashining ta’lim masalalari bo‘yicha mas’ul vakili Jeyms Dalgleishning aytishicha, barcha maktablarda maxsus g‘iloflardan foydalanish tizimi uzog‘i oktyabr boshigacha joriy etiladi.
Shotlandiya hukumati 2024-yilda maktab direktorlariga ta’lim muassasalarida mobil telefonlardan foydalanishni taqiqlash imkonini beruvchi yo‘riqnomani joriy qilgan.
Shotlandiya ta’lim kotibi esa joriy yil yozida barcha maktablardagi ta’lim muhiti mobil telefonlardan xoli bo‘lishi kerakligini ma’lum qilgan va mamlakatdagi maktablarni yangi o‘quv yili boshlanishi bilan tegishli cheklovlarni joriy etishga chaqirgan.
Qayd etilishicha, hozirgacha Edinburgdagi ikkita maktab maxsus qulflanadigan g‘iloflardan foydalanishni tajriba tariqasida sinab ko‘rgan. Ular Shotlandiyada bunday tizimni joriy etgan ilk maktablar bo‘lgan.
Sinov natijalari bo‘yicha tayyorlangan hisobotda loyiha hozircha “umuman olganda muvaffaqiyatli” bo‘lgani va uning ta’siri ijobiy ekani qayd etilgan.
Shuningdek, shahar kengashi sog‘lig‘i bilan bog‘liq muammolari bo‘lgan yoki oila a’zolariga g‘amxo‘rlik qilish majburiyatlari sababli o‘quv kuni davomida mobil telefonidan foydalanishi zarur bo‘lgan o‘quvchilar uchun alohida yo‘riqnoma ishlab chiqilmoqda.
Siyosatchi va ta’lim masalalari vakili Jeyms Dalgleish bu qarorni Edinburgdagi bolalar va yoshlar uchun “muhim qadam” deb atagan.
Bu Edinburgdagi bolalar va yoshlar uchun juda muhim qadam. Maktablarda mobil telefonlardan foydalanishni keng ko‘lamda cheklashni joriy etayotgan mamlakatdagi ilk mahalliy hokimiyatlardan biri ekanimizdan faxrlanaman.
Men boshidanoq maktablarimizni telefonlardan xoli muhitga aylantirish borasida dadil maqsad qo‘yganimizni aniq aytganman. Bu o‘qituvchilarga dars berish, o‘quvchilarga esa sinfxonada qurilmalar chalg‘itishisiz ta’lim olish imkonini beradi”, — dedi u.
Avvalroq, O‘zbekistondagi taʼlim muassasalari hududida telefondan foydalanish tartibi va javobgarligi haqida ma’lumot bergan edik.

