Akademik litseylar imtihonlari bo‘yicha apellyatsiya arizalarini ko‘rib chiqish sanasi e’lon qilindi

Akademik litseylar imtihonlari bo‘yicha apellyatsiya arizalarini ko‘rib chiqish sanasi e’lon qilindi

2026/2027-o‘quv yili uchun akademik litseylarga kirish test sinovi natijalaridan norozi bo‘lgan va belgilangan tartibda apellyatsiya arizasi bergan talabgorlarning murojaatlari 14-avgust kuni ko‘rib chiqiladi. Bu haqda Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi xabar berdi.

 

2026-yil 24–25-iyul kunlari Mudofaa vazirligi, Ichki ishlar vazirligi, Favqulodda vaziyatlar vazirligi, Davlat xavfsizlik xizmati va Milliy gvardiya tasarrufidagi harbiy-akademik litseylar hamda davlat oliy ta’lim muassasalari huzuridagi akademik litseylarga kirish test sinovlari o‘tkazilgandi.

 

Bilim va malakalarni baholash agentligi ma’lumotiga ko‘ra, test sinovlarida respublika bo‘yicha rejalashtirilgan 66 033 nafar abituriyentning 57 ming nafardan ortig‘i ishtirok etgan. Test sinovlari davomida 2 nafar abituriyent belgilangan tartib-qoidalarni buzganligi sababli imtihondan chetlashtirilgan.

 

30-iyul kuni esa akademik litseylarga kirish imtihonlarining yakuniy natijalari (mandat) eʼlon qilingani hamda test sinovi natijasidan norozi bо‘lgan o‘quvchilar 3 kun ichida apellyatsiya arizalarini qoldirishi mumkinligi haqida xabar bergan edik.

 

Vazirlik xabariga ko‘ra, test natijalaridan norozi bo‘lgan va my.edu.uz platformasi orqali shaxsiy kabinetidan elektron shaklda apellyatsiya shikoyati bergan talabgorlarning murojaatlari 2026-yil 14-avgust kuni ko‘rib chiqiladi.

 

Apellyatsiya arizasi bergan talabgorlar 14-avgust kuni shaxsiy kabinetida ko‘rsatilgan vaqtda shaxsini tasdiqlovchi hujjat hamda abituriyent ruxsatnomasi bilan Bilimni baholash agentligiga kelishi kerak.

 

Muhim! Apellyatsiya o‘tkaziladigan joy, sana va vaqt haqidagi ma’lumotlar har bir abituriyentning my.edu.uz platformasidagi shaxsiy kabinetida ko‘rsatilgan.

 

 

Bilimni baholash agentligi

AI bot abituriyentlarga yo'nalish tanlashga yordam beradi

Bilim va malakalarni baholash agentligi ma'lumotlari asosida.

Telegram'da ochish