Angliyada 47 yoshli o‘qituvchi Tina Digbyga spirtli ichimlik sabab dars berishga yaroqsiz holatda bo‘lgani va boshqa qoidabuzarliklar uchun noma’lum vaqtga o‘qituvchilik qilish taqiqlandi. U 2030-yil iyulidan boshlab taqiqni bekor qilish uchun ariza berishi mumkin.
BBC nashrining yozishicha, mazkur qaror uning Angliyaning Slough shahridagi Colnbrook Church of England Primary Schooldagi faoliyati bilan bog‘liq holatlar yuzasidan O‘qituvchilar faoliyatini tartibga solish agentligi (TRA) hay’ati tomonidan chiqarilgan.
Hay’at xulosasiga ko‘ra, 2023-yil 4-oktyabr kuni ertalabki yig‘ilish vaqtida u dars berishga yaroqsiz holatda bo‘lgan. Hamkasblaridan biri uning so‘zlari noaniq chiqayotgani va ko‘zlari xiralashganini bildirgan.
Pedagogning o‘zidan so‘ralganida esa u dars berish vaqtida umuman spirtli ichimlik iste’mol qilmasligini aytgan. Biroq bir kun avval ikki katta qadah vino ichganini tan olgan.
Bu haqda boshqa bir xodimga xabar berilgan. U o‘qituvchini ishlashga yaroqsiz deb topib, uyiga ketishini so‘ragan.
Mazkur xodim o‘quvchilar xavfsizligidan xavotirlanganini va pedagogdan kelayotgan “kuchli spirtli ichimlik hidi” faqat avvalgi kechada ichilgan vino bilan bog‘liq ekaniga ishonmaganini bildirgan. Keyinchalik yuqori lavozimdagi hamkasbi bu ish haqida so‘raganida esa, tekshiruv yakunlanganini aytgan.
Hay’at bu ma’lumot haqiqatga to‘g‘ri kelmaganini va u o‘ziga qo‘yilgan ayblovlarni qasddan yashirishga uringanini qayd etgan.
Shuningdek, hay’at a’zolari uning xatti-harakatlari “o‘qituvchilik kasbi standartlariga mos kelmasligini” ta’kidlagan. Qaror chiqarishda o‘z xatti-harakatlarini anglagani yoki bundan pushaymon bo‘lganini ko‘rsatuvchi dalillar mavjud emasligi ham inobatga olingan.
Shu bilan birga, pedagog “O‘qituvchilar faoliyatini tartibga solish agentligi”ga yuborgan maktubida o‘ziga qo‘yilgan ayblovlarni “bema’ni” deb atagan.
O‘qituvchi ish bo‘yicha o‘tkazilgan majlisda ham ishtirok etmagan. U Agentlikka yuborgan xatida jarayonni “vaqt va pulni butunlay behuda sarflash” deb hisoblashini bildirgan.
Davlat kotibi nomidan qaror qabul qilgan Stuart Blomfield 17-iyul kuni o‘qituvchiga noma’lum muddatga o‘qituvchilik qilishni taqiqlash to‘g‘risida qaror chiqargan.
Ushbu pedagog 2030-yil iyulidan boshlab mazkur taqiqni bekor qilish uchun ariza berishi mumkin.
