Toshkentda fuqaroni tibbiyot sohasidagi oliy taʼlim muassasasining 3-bosqichiga oʻqishga kiritib qoʻyishni vaʼda qilgan shaxs 3 ming AQSH dollarini olayotgan vaqtida ushlandi. U mazkur “xizmat” uchun jami 4 500 dollar talab qilgan.
Oʻzbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi Transport va turizm obyektlarida xavfsizlikni taʼminlash departamenti xodimlari tomonidan Uchtepa tumanida tezkor tadbir oʻtkazilgan.
Tadbir davomida 2000-yilda Samarqand viloyatida tugʻilgan fuqaro 2004-yilda tugʻilgan boshqa bir fuqaroning ishonchiga kirib, goʻyoki yuqori lavozimda ishlovchi tanishlari orqali uni tibbiyot sohasidagi oliy taʼlim muassasasining 3-bosqichiga oʻqishga kiritib qoʻyishni vaʼda qilgani aniqlangan.
Buning evaziga u 4 500 AQSH dollari talab qilgan.
Tezkor tadbir davomida gumonlanuvchi kelishilgan mablagʻning bir qismi 3 000 AQSH dollarini, yaʼni Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy bankining amaldagi kursi boʻyicha 35 million 910 ming soʻmni olayotgan vaqtida huquqni muhofaza qiluvchi organ xodimlari tomonidan qoʻlga olingan.
Mazkur holat yuzasidan fuqaroga nisbatan Oʻzbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 168-moddasi 2-qismi “a” bandi bilan jinoyat ishi qoʻzgʻatilgan.
Hozirda dastlabki tergov harakatlari olib borilmoqda.
Eslatib oʻtamiz, bundan avval Buxoro viloyatida fuqaroni Qozogʻistondagi OTMda oʻqiganligi haqidagi qalbaki hujjatlar asosida nodavlat tibbiyot universitetining 4-kursiga oʻqishga kiritib qoʻyishni vaʼda qilgan shaxs 26 million soʻm olayotgan vaqtida ushlangan edi.
