Buxoro viloyatida fuqaroni Qozog‘istondagi oliy ta’lim muassasasida o‘qiganligi haqida qalbaki hujjatlar tayyorlab, uni nodavlat tibbiyot universitetining 4-kursiga o‘qishga kiritib qo‘yishni va’da qilgan shaxs qo‘lga olindi. Holat yuzasidan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.
Bosh prokuratura huzuridagi Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamenti xabariga ko‘ra, departamentning Qorako‘l tumani bo‘limi hamda boshqa huquqni muhofaza qiluvchi organ xodimlari hamkorligida tezkor tadbir o‘tkazilgan.
Unda fuqaro X.T. boshqa bir fuqaro D.O ning ishonchiga kirib, unga go‘yoki Qozog‘iston Respublikasidagi oliy ta’lim muassasalaridan birida 1–3-kurslarda tahsil olganligi to‘g‘risidagi qalbaki hujjatlarni tayyorlab berishini aytgan.
Shuningdek, u yuqori lavozimlarda ishlovchi tanishlari orqali Buxoro Innovatsion ta’lim va tibbiyot universitetining tibbiyot yo‘nalishi 4-kursiga o‘qishga kiritib berishni va’da qilib, buning evaziga 26 million so‘m olgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan ushlangan.
Mazkur holat yuzasidan Jinoyat kodeksining 25, 168-moddalari (firibgarlik) hamda 28, 211-moddalari (pora berish) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari olib borilayotgani ma’lum qilindi.
Avvalroq, o‘qishga kiritib qo‘yishga 10 ming hamda “perevod” qildirish uchun 6 ming AQSH dollari miqdorida pora talab qilgan shaxslar qo‘lga olingani haqida xabar berilgandi.
