Masofaviy taʼlim shaklida oʻqish qanday tashkil etiladi?

Masofaviy taʼlim shaklida oʻqish qanday tashkil etiladi?

2026/2027-oʻquv yilida bakalavriatning masofaviy taʼlim shakliga 20 810 ta qabul oʻrni ajratilgan. Masofaviy taʼlimda oʻqish jarayoni asosan elektron platformalar orqali tashkil etiladi, biroq talabalar ayrim nazorat va yakuniy jarayonlarda OTMga bevosita borishi kerak.

 

Masofaviy taʼlim shaklida oʻqish tartibi Vazirlar Mahkamasining 2022-yil 3-oktabrdagi 559-son qarori bilan belgilangan.

 

2026/2027-oʻquv yilida bakalavriatning masofaviy taʼlim shakliga 20 810 ta qabul oʻrni ajratilgan.

 

Qabul oʻrinlari oʻqitish tillari boʻyicha quyidagicha taqsimlangan:

 

— oʻzbek tili — 18 543 ta;
— rus tili — 1 800 ta;
— qoraqalpoq tili — 467 ta.

 

Masofaviy taʼlim oʻquv jarayonini tashkil etishda axborot-kommunikatsiya texnologiyalaridan foydalaniladi. Dars mashgʻulotlari, talabalar bilimini baholash va oʻquv jarayonini nazorat qilish masofaviy taʼlimni boshqarish tizimi LMS platformasi orqali amalga oshiriladi.

 

Masofaviy taʼlim shakli toʻlov-kontrakt asosida amalga oshiriladi. Bunda oʻqish davomiyligi tegishli bakalavriat taʼlim yoʻnalishining kunduzgi taʼlim shakli uchun belgilangan muddatdan kam boʻlishi mumkin emas.

 

Masofaviy taʼlimda oʻqiyotgan talaba oʻquv jarayonining asosiy qismini masofadan turib amalga oshiradi. Biroq oʻquv jarayoni boshlanishidan avval LMS platformasida roʻyxatdan oʻtish hamda har semestr yakunida yakuniy nazorat topshirish uchun OTMga shaxsan borishi kerak.

 

Shuningdek, yakuniy davlat attestatsiyasi hamda bakalavriat bosqichidagi bitiruv malakaviy ishining himoyasi bevosita oliy taʼlim tashkilotida anʼanaviy tarzda amalga oshiriladi.

 

Masofaviy taʼlimda tahsil olayotgan talabalar uchun amaliyotlar oʻquv rejada belgilangan muddatlarda ularning ish joyida tashkil etilishi mumkin. Talabaning ish joyi taʼlim yoʻnalishiga mos boʻlmasa yoki u ishlamasa, amaliyot OTM bilan kelishilgan tashkilotlarda oʻtkaziladi.

 

Oʻquv reja va dasturlarni toʻliq oʻzlashtirib, yakuniy davlat attestatsiyasini muvaffaqiyatli topshirgan bitiruvchilarga tegishli akademik daraja va belgilangan namunadagi taʼlim toʻgʻrisidagi hujjat beriladi.

Bilimni baholash agentligi

AI bot abituriyentlarga yo'nalish tanlashga yordam beradi

Bilim va malakalarni baholash agentligi ma'lumotlari asosida.

Telegram'da ochish