Kirish test sinovlarida ishtirok etgan abituriyentlar bugun, kun yakuniga qadar OTM va ta’lim yo‘nalishlarini tanlashlari lozim. Bugundan kech qolganlar vakant o‘rinlar uchun tanlovda ham ishtirok etadi.
2026/2027 o‘quv yili uchun oliy va professional ta’lim muassasalariga kirish test sinovlarida ishtirok etgan abituriyentlar joriy yil 25-iyuldan 8-avgustga qadar (shu kuni ham) oliy ta’lim muassasalari hamda ta’lim yo‘nalishlarini tanlashlari lozim.
Tanlovni amalga oshirmaganlar uchun qo‘shimcha vaqt beriladimi?
Yo‘q. Tanlov bosqichi yakuniga yetgandan so‘ng, qo‘shimcha vaqt berilmaydi. Lekin yakuniy mandat e’lon qilinganidan so‘ng abituriyentlar uchun vakant o‘rinlarga 1 haftalik qabul ochiladi. Hozir yo‘nalish va OTM tanlamagan abituriyentlar o‘sha paytda ham tanlovni amalga oshirishlari mumkin. Faqat bitta shart bilan — abituriyentlar o‘zlari istagan yo‘nalishga emas, faqatgina, kvota soni to‘lmay qolgan yo‘nalishlarni tanlashlari mumkin.
Ya’ni, tanlov tugagandan so‘ng bir hafta ichida mandat natijalari e’lon qilinadi. Mandat e’lon qilingandan so‘ng, qaysi oliygohning qaysi yo‘nalishida bo‘sh joy bo‘lsa, o‘sha bo‘sh joy uchun yana tanlov amalga oshiriladi. Bu jarayon xalq orasida ‘‘6-imkoniyat’’ deb ham ataladi va ushbu tartib qonunchilikda ham belgilab qo‘yilgan.
Bu jarayon quyidagicha amalga oshiriladi:
– imtihon natijalari eʼlon qilingandan soʻng bir hafta oʻtib, fanlar majmuasi va taʼlim tili mos boʻlgan vakant yoʻnalishlarga bir hafta muddatda roʻyxatdan oʻtiladi;
– abituriyentlar toʻplagan ballari ketma-ketligiga (reytingga) qatʼiy rioya qilingan holda boʻsh oʻrinlarga bazaviy toʻlov-kontrakt asosida qabul qilinadi;
– agentlik tomonidan shakllantirilgan qaydnomalar oliy taʼlim tashkilotlariga buyruq rasmiylashtirish uchun asos boʻladi.
Shuningdek, bugun 23:59 gacha tanlangan yo‘nalish va oliygohni o‘zgartirish (tahrirlash) ham mumkin bo‘ladi.
Abituriyentlardan tanlash yoki tahrirlashni eng oxirgi daqiqalarga qoldirmaslikni, imkon qadar tezroq amalga oshirishlarini so‘raymiz. Chunki kun yakunida kirishlar soni ortib, saytda texnik muammolar yuzaga kelishi mumkin.
Abituriyentlar vakant o‘rinlar bo‘yicha o‘tgan yilgi o‘tish ballari bilan @mandat_javobbot Telegram boti orqali tanishishlari mumkin.
Shuningdek, bot orqali nafaqat vakant o‘rinlarga oid ma’lumotlar, balki quyidagi qulay xizmatlardan ham foydalanish imkoniyati yaratilgan:
– 2025-yildagi vakant o‘rinlar bo‘yicha o‘tish ballari;
– OTMlar kesimidagi o‘tish ballari;
– Imtiyozga ega abituriyentlar uchun o‘tish ballari;
– To‘plangan ballga mos yo‘nalishlarni aniqlash;
– SAT-2026 bo‘yicha ma’lumotlar;
– IQ-test va boshqa foydali xizmatlar.
Avvalroq, talabalar yotoqxonasiga joylashish uchun arizalar qachongacha qabul qilinishi haqida xabar bergan edik.
