Latviya oliygohlari xorijlik talabalarni o‘qishga qabul qilish bo‘yicha yangi qoidalarni qayta ko‘rib chiqishga chaqirmoqda

Latviya oliygohlari xorijlik talabalarni o‘qishga qabul qilish bo‘yicha yangi qoidalarni qayta ko‘rib chiqishga chaqirmoqda

Latviya Oliy ta’lim eksporti assotsiatsiyasi xorijlik talabalarni o‘qishga qabul qilish tartibini o‘zgartirish bo‘yicha takliflarni qayta ko‘rib chiqishga chaqirdi. Unga ko‘ra, yangi talablar kuchga kirsa, xorijlik talabalar soni 4 baravarga qisqarishi mumkin.

 

Latviyaning 13 ta oliy ta’lim muassasasini, jumladan ilmiy universitetlarni birlashtirgan Oliy ta’lim eksporti assotsiatsiyasi (AIEA) Ta’lim va fan vazirligi (MОН) taklif qilgan xorijlik talabalarni qabul qilishning yangi qoidalari mamlakat uchun jiddiy salbiy oqibatlarga olib kelishi mumkinligini ma’lum qildi.

 

SAT talabi nega tanqid qilinmoqda?

 

Assotsiatsiya hisob-kitoblariga ko‘ra, ushbu talablar kuchga kirsa, bir necha yil ichida Latviyadagi xorijiy talabalar soni hozirgi 12 ming nafardan 3 ming nafargacha kamayishi mumkin. Natijada mamlakat iqtisodiyoti 280 million yevrogacha zarar ko‘rishi ehtimoli bor.

 

Shu sababli Oliy ta’lim eksporti assotsiatsiyasi Ta’lim va fan vazirligi hamda hukumatni mazkur o‘zgartirishlarni shoshilinch tasdiqlamaslikka chaqirdi. Assotsiatsiya fikricha, loyiha yetarli darajada tahlil qilinmagan va undagi ayrim talablar haddan tashqari qat’iy bo‘lib, Latviya oliy ta’limining xalqaro raqobatbardoshligini pasaytirishi, ta’lim eksportini qisqartirishi hamda iqtisodiyotga sezilarli zarar yetkazishi mumkin.

 

Assotsiatsiya e’tiroz bildirayotgan asosiy masalalardan biri — Yevropa Ittifoqi, Yevropa iqtisodiy hududi va Shveytsariyadan tashqaridagi davlatlar fuqarolari uchun SAT imtihonini majburiy qilish hamda undan kamida 1200 ball to‘plash talabining joriy etilishidir.

 

Ta’kidlanishicha, SAT xorijlik talabalarni saralash uchun universal mezon emas. Bundan tashqari, bu imtihon barcha mamlakatlarda bir xil darajada mavjud emas, 1200 ball talabi esa juda yuqori hisoblanadi.

 

Shu bilan birga, Assotsiatsiya Yevropa tajribasiga ham e’tibor qaratgan. Unga ko‘ra, Yevropaning 500 ta yetakchi universitetidan atigi 6 tasida SAT talabi mavjud. Hatto ushbu universitetlarda ham SAT yagona emas, balki qabul qilishda hisobga olinadigan mezonlardan biri sifatida qo‘llaniladi.

 

Qanday o‘zgarishlar taklif qilinmoqda?

 

Oliy ta’lim eksporti assotsiatsiyasi (AIEA)ning fikricha, SAT’ni yagona majburiy imtihonga aylantirish xalqaro miqyosda tan olingan boshqa sertifikatlar va universitetlarning o‘z kirish imtihonlarini inkor etadi. Bu esa malakali xorijiy talabalarni jalb qilish imkoniyatlarini cheklab, Latviya oliy ta’limining raqobatbardoshligini pasaytiradi.

 

Shuningdek, AIEA SAT ta’lim tilini bilish darajasini baholamagani sababli, IELTS, TOEFL yoki ularga tenglashtirilgan xalqaro til sertifikatlari qabul mezonlaridan biri sifatida saqlab qolinishini taklif qilmoqda.

 

Xususan, SAT’ni yagona majburiy imtihon emas, balki muqobil variantlardan biri sifatida belgilashni, shuningdek xalqaro tan olingan boshqa testlar hamda universitetlarning qat’iy nazorat ostida o‘tkaziladigan kirish imtihonlarini ham tan olishni taklif etilgan.

 

Bundan tashqari, assotsiatsiya:

 

  • ta’lim tilini kamida B2 darajasida bilish talabini saqlab qolish;
  • o‘rtacha baho uchun kamida 60 foizlik minimal ko‘rsatkich belgilashni tavsiya qildi.

 

Shuningdek, assotsiatsiya fuqarolari viza yoki yashash uchun ruxsatnoma rasmiylashtirish jarayonida allaqachon qat’iy tekshiruvdan o‘tadigan davlatlardan kelayotgan abituriyentlar masalasiga alohida yondashish zarurligini ta’kidlamoqda.

 

Assotsiatsiya yangi qoidalarni 2027/2028-o‘quv yilidan boshlab joriy etishni taklif qilmoqda. Unga ko‘ra, ularni 2027-yil 1-yanvardan kuchga kiritish universitetlarning qabulni va o‘quv jarayonini rejalashtirish tizimiga mos kelmaydi.

 

Bundan tashqari, xorijiy talabalar nafaqat universitetlar rivojiga, balki Latviya iqtisodiyotiga ham katta hissa qo‘shadi. Ular turar joy, ovqatlanish, transport, sog‘liqni saqlash va boshqa xizmatlardan foydalanadi, soliqlar to‘laydi hamda yangi ish o‘rinlari yaratilishiga xizmat qiladi.

 

Shu bois assotsiatsiya hukumatni ushbu qoidalar loyihasini qayta ko‘rib chiqishga, uning iqtisodiy va ijtimoiy ta’sirini har tomonlama baholashga hamda qaror qabul qilishdan oldin soha vakillari bilan xalqaro amaliyotga mos, mutanosib va aniq talablar bo‘yicha kelishib olishga chaqirdi.

 

Avvalroq, AQSH xorijlik talabalar uchun viza muddatiga cheklov joriy etayotgani haqida xabar berilgandi.

Bilimni baholash agentligi

AI bot abituriyentlarga yo'nalish tanlashga yordam beradi

Bilim va malakalarni baholash agentligi ma'lumotlari asosida.

Telegram'da ochish