Dual ta’limda o‘qimoqchi bo‘lgan o‘rta maxsus ma’lumotli ayrim bog‘cha pedagoglarida OTM va yo‘nalish tanlash chiqmayapti. Bilimni baholash agentligi ushbu holatga ovozli chatda izoh berdi.
2026-yil 30-iyul kuni Bilimni baholash agentligining telegram kanalida OTMlarning bakalavriat ta’lim yo‘nalishlariga qabul jarayonining oliy ta’lim muassasalari va ta’lim yo‘nalishlarini tanlash bosqichiga bag‘ishlangan ovozli chat bo‘lib o‘tdi. Unda maktabgacha ta’lim tashkilotlari pedagoglari uchun joriy etilgan dual ta’lim shakli yuzasidan berilgan savolga Bilimni baholash agentligi vakili javob berdi.
Murojaatda maktabgacha ta’lim xodimi dual ta’lim bo‘yicha ro‘yxatdan o‘tganini, biroq OTM va ta’lim yo‘nalishini tanlash bosqichida dual ta’lim yo‘lga qo‘yilgan OTM va dual ta’lim yo‘nalishi ko‘rinmayotganini bildirgan.
Xabaringiz bor, 2026/2027-o‘quv yilidan boshlab davlat va nodavlat maktabgacha ta’lim tashkilotlarida kamida uch yil pedagogik faoliyat olib borgan, oliy ta’limni o‘qish istagida bo‘lgan o‘rta maxsus ma’lumotli xodimlar uchun dual ta’lim asosida bakalavriatda tahsil olish imkoniyati yaratildi. Bu Prezidentning 2026-yil 5-fevraldagi “Maktabgacha ta’lim va tarbiya tizimini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmonida belgilangan.
Kechagi ovozli chatda Agentlik vakilining tushuntirishicha, mazkur toifadagi pedagoglar uchun maktabgacha ta’lim yo‘nalishiga dual ta’lim shaklida qo‘shimcha kvota ajratilgan. Ushbu kvotalarda ishtirok etadigan nomzodlar ro‘yxati Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi tomonidan shakllantirilib, Bilimni baholash agentligiga taqdim etilgan.
Ta’kidlanishicha, hozir ham vazirlik tomonidan qo‘shimcha ro‘yxatlar yuborilmoqda. Chunki ayrim pedagoglar dastlabki ro‘yxat shakllantirilayotgan paytda murojaat qilmagan bo‘lib, keyinchalik xabar topib hujjat topshirgan. Shuning uchun ularning ma’lumotlari bosqichma-bosqich tizimga kiritilmoqda.
Shu sababli, agar talabgor hujjat topshirgan bo‘lsa-yu, OTM tanlash jarayonida dual ta’lim yo‘nalishi ko‘rinmayotgan bo‘lsa, u ishlayotgan maktabgacha ta’lim tashkiloti rahbariyatiga murojaat qilishi tavsiya etildi.
Tashkilot tomonidan xodimning ma’lumotlari Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligiga taqdim etilgach, ular Bilimni baholash agentligiga yuboriladi. Agentlik esa ma’lumotlar kelib tushishi bilan ularni real vaqt rejimida tizimga kiritishini va shundan so‘ng abituriyent uchun dual ta’lim yo‘nalishini tanlash imkoniyati yaratilishini ma’lum qildi.
Shu bilan birga, Bilimni baholash agentligining Talimxabarlari.uz sayti muxbiriga ma’lum qilishicha, vazirlik yuborgan roʻyxatda borlar uchun dual taʼlim yo‘nalishi chiqmoqda. Agar pedagog roʻyxatda boʻlmasa, platformada dual taʼlim yo‘nalishi chiqmaydi. Roʻyxatga kirganlik yoki kirmaganlik masalasi boʻyicha MMTVga murojaat qilish kerak.
