2026-yildan boshlab imtiyozli diplom bilan bakalavriatni tamomlagan hamda magistraturani barcha fanlardan va yakuniy davlat attestatsiyasidan “5” (aʼlo) baho bilan bitirgan pedagoglarga attestatsiyaga qadar beriladigan malaka toifalari yangilanadi.
Vazirlar Mahkamasining 2026-yil 29-iyuldagi 411-son qarori bilan hukumatning ayrim qarorlariga oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritildi.
Unga koʻra, 2026-yildan boshlab bakalavriatni imtiyozli diplom bilan tamomlab, birinchi marta taʼlim tashkilotiga ishga kirgan pedagoglarga ikkinchi malaka toifasi (katta oʻqituvchi lavozimi) beriladi.
Imtiyozli diplomga ega boʻlmagan bakalavr bitiruvchilarga esa avvalgidek mutaxassis (oliy maʼlumotli oʻqituvchi) lavozimi beriladi.
Shuningdek, magistratura bosqichini barcha fanlardan hamda yakuniy davlat attestatsiyasidan “5” (aʼlo) baho (90–100 ball) bilan tamomlagan va birinchi marta taʼlim tashkilotiga ishga kirgan bitiruvchilarga birinchi malaka toifasi (yetakchi oʻqituvchi lavozimi) beriladi.
Qolgan magistr darajasiga ega bitiruvchilarga esa avvalgidek ikkinchi malaka toifasi (katta oʻqituvchi lavozimi) berilishi davom ettiriladi.
Mazkur tartib pedagoglar navbatdagi attestatsiyadan oʻtguniga qadar amal qiladi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq 2026/2027-o‘quv yilidan boshlang‘ich sinf o‘qituvchilari uchun milliy sertifikat tizimi joriy etilishi haqida xabar bergan edik. Unga ko‘ra, malaka imtihonlarida B+ va undan yuqori natija ko‘rsatgan pedagoglarga lavozim maoshiga har oy 15 foiz ustama to‘lanadi.
