Talabalar bilimini baholash va nazoratni takomillashtirish ko‘zda tutilgan qaror loyihasi muhokamaga qo‘yildi. Qarorda yakuniy imtihonlardan o‘tkazish jarayonida nazoratni kuchaytirish, talaba va o‘qituvchilar uchun yangi imtihon shartlarini yo‘lga qo‘yish rejalashtirilgan.
Muhokamalar portaliga “Oliy ta’lim tashkilotlarida talabalar bilimini baholash va nazorat qilish tartibini takomillashtirish to‘g‘risida”gi nizom loyihasi joylashtirildi.
Loyihaga ko‘ra, yangi tartib 2026/2027 oʻquv yilidan boshlab oliy taʼlim tashkilotlarining bakalavriat taʼlim yoʻnalishi hamda magistratura mutaxassisligiga oʻqishga qabul qilingan talabalarga nisbatan tatbiq etiladi.
Hujjatda yakuniy nazorat imtihonlarini tashkil etish va baholashning yangi mexanizmlari nazarda tutilgan.
Yakuniy nazorat asosan talabalarning mustaqil fikrini bayon etish imkoniyatini yaratadigan 3-5 tagacha topshiriqlardan (savollardan) iborat yozma imtihon shaklida oʻtkaziladi. Fanning oʻziga xos xususiyatidan kelib chiqib, yakuniy nazorat boshqa shaklda ham oʻtkazilishi mumkin.
Yozma va test shaklidagi yakuniy nazoratlar maxsus jihozlangan kompyuter sinfxonalarida kompyuter orqali o‘tkaziladi. Bunda, oliy taʼlim tashkiloti talabalarga imtihonda foydalaniladigan kompyuter dasturi va uning interfeysi bilan imtihon boshlangunga qadar oldindan tanishish imkoniyatini yaratadi.
Shuningdek, yakuniy imtihonlar ovoz yozish imkoniyatiga ega kuzatuv kameralari bilan jihozlangan auditoriyalarda o‘tkazilishi, imtihonga talabalarni kiritish shaxsni tasdiqlovchi hujjat (pasport, ID karta, talabalik guvohnomasi, haydovchilik guvohnomasi) koʻrsatilgandan soʻng kiritilishi taklif etilgan.
Nizom loyihasiga ko‘ra, imtihon boshlanganidan keyin kechikib kelgan talabalar imtihonga qo‘yilmaydi. Jumladan, imtihon vaqtida auditoriyani ruxsatsiz tark etgan talabalar ham ushbu imtihonga qayta qoʻyilmaydi.
Yozma imtihonlarda talabalarga berilgan topshiriqlarga (savollarga) javob yozishlari uchun 2 000 tagacha soʻz chegarasi qoʻyiladi.
Test shaklida oʻtkazilganda savollar soni taʼlim yoʻnalishi (mutaxassisligi) xususiyatidan kelib chiqib 25-50 tagacha belgilanadi. Yakuniy nazorat uchun ajratiladigan vaqt fanning xususiyati va imtihon shaklidan kelib chiqib, oliy taʼlim tashkiloti tomonidan belgilanadi.
Bundan tashqari, yakuniy nazorat topshiriqlari va baholash mezonlari talabalarga birinchi darsdayoq tushuntirilishi, imtihon o‘tkazish jadvali esa kamida bir oy oldin e’lon qilinishi nazarda tutilgan.
Loyihada fanlarning xususiyatlaridan kelib chiqib, tibbiyot, san’at, jismoniy tarbiya va sport, fizika, matematika, kimyo kabi amaliy yoki ijodiy xususiyatga ega fanlar bo‘yicha yakuniy nazoratlarni OTMning o‘zi belgilagan shaklda o‘tkazishga ruxsat berilishi ham ko‘zda tutilgan.
Bundan tashqari, professor-oʻqituvchilarga yozma shaklda oʻtkaziladigan yakuniy nazorat imtihonida talabalar bilimini baholash jarayonida har bir talabaga qoʻygan bahosini asoslab berish maqsadida har bir savol boʻyicha kamida 2-3 ta gapdan iborat izoh (feedback) yozish talab etiladi. Bunda, professor-oʻqituvchilar tomonidan talaba tegishli ball diapazoni bilan baholanganligining sabablari hamda nazorat ishida talabaning eng muhim yutuq va kamchiliklari aks ettirilishi shartligi keltirilgan.
