AQSHda o‘qituvchilarni ishga jalb qilish uchun maxsus uy-joylar qurilmoqda

AQSHda o‘qituvchilarni ishga jalb qilish uchun maxsus uy-joylar qurilmoqda

AQSHning ayrim maktab okruglari o‘qituvchilar tanqisligiga qarshi noodatiy yechimni tanladi. Pedagoglarni ishga jalb qilish va ularni kasbda saqlab qolish maqsadida maktablarga tegishli yer maydonlarida arzon uy-joylar qurilmoqda.

 

AQSHning ayrim hududlarida o‘qituvchilarni ishga jalb qilish va malakali kadrlarni saqlab qolish maqsadida maktablarga tegishli yer maydonlarida arzon uy-joylar qurilmoqda. Bu haqda The New York Times xabar berdi.

 

AQSHda uy-joy narxlarining keskin oshishi ta’lim tizimiga ham jiddiy ta’sir ko‘rsatmoqda. Ayniqsa Kaliforniya kabi shtatlarda o‘qituvchilar ishlayotgan hududda yashash imkonidan mahrum bo‘layotgani sabab maktablar malakali kadrlarni topish va ularni ishda ushlab qolishda tobora ko‘proq qiyinchilikka duch kelmoqda.

 

Shu sababli ayrim maktab okruglari odatiy bo‘lmagan yechimni tanladi. Ular o‘zlariga tegishli bo‘sh yer maydonlari hamda foydalanilmayotgan binolarda pedagoglar va boshqa ta’lim xodimlari uchun imtiyozli uy-joylar barpo etmoqda. Bunday kvartiralar bozor narxidan ancha arzon ijaraga berilib, o‘qituvchilarning yashash xarajatlarini kamaytirishga xizmat qilmoqda.

 

The New York Times Kaliforniyaning San-Diyego shahridagi San Diego Unified School District tajribasi misol tariqasida keltirilgan.

 

Unga ko‘ra, Kaliforniyaning San-Diyego shahridagi San Diego Unified School District sobiq maktab hududida 264 xonadondan iborat LIVIA Scripps Ranch turar joy majmuasini barpo etgan. Majmuadagi 50 dan ortiq subsidiyalangan kvartira o‘qituvchilar va maktablarning boshqa xodimlari uchun ajratilgan.


Mazkur kvartiralardan biriga ega bo‘lgan o‘qituvchilardan biri Karolina Sanches Garsiyadir. Uy-joy narxlari juda yuqori bo‘lgani sabab u uzoq vaqt Meksikaning Tixuana shahrida yashab, har kuni AQSH chegarasini kesib o‘tgan holda ishga qatnagan. Ishga o‘z vaqtida yetib borish uchun u tonggi soat 03:00 da uyg‘onishga majbur bo‘lgan, yo‘lda esa kuniga 4 soatgacha vaqt sarflagan. Odatda bu paytda uning farzandlari mashinaning orqa o‘rindig‘ida uxlab ketgan.

 

U 2023-yilda Karolina subsidiyalangan uy-joy olish uchun o‘tkazilgan lotereyada g‘olib bo‘lib, yangi kvartiraga ko‘chib o‘tadi. Natijada u odatda oyiga 4 500 dollar turadigan uch xonali kvartira uchun atigi 1 500 dollar to‘lay boshladi. Endilikda uning ishga borish yo‘li atigi 15 daqiqani tashkil etmoqda.

 

“Bu menga o‘qituvchi sifatida juda katta ta’sir ko‘rsatdi. Endi darslarga tayyorgarlik ko‘rish uchun ko‘proq vaqtim bor. Ona sifatida esa stress va xavotirim ancha kamaydi”, — deydi Karolina Sanches Garsiya.

 

AQSHda o‘qituvchilarni ishga jalb qilish uchun maxsus uy-joylar qurilmoqda

 

Ma’lum qilinishicha, bunday loyihalar faqat San-Diyego bilan cheklanib qolmayapti. AQSHning turli hududlaridagi maktab okruglari ham foydalanilmayotgan yer maydonlari va binolarni turar joylarga aylantirish orqali o‘qituvchilar uchun arzon uy-joylar yaratmoqda. Ayrim loyihalar davlat va xususiy sektor hamkorligida amalga oshirilayotgan bo‘lsa, boshqalarida maktablarga tegishli yerlar qurilish kompaniyalariga ajratilib, buning evaziga ma’lum miqdordagi kvartiralar pedagoglar uchun imtiyozli shartlarda taqdim etilmoqda.

 

Mutaxassislarning ta’kidlashicha, uy-joy narxlarining qimmatligi o‘qituvchilar tanqisligini kuchaytirayotgan asosiy omillardan biriga aylangan. Shu bois maktab okruglari endilikda nafaqat ish haqi va ijtimoiy paketlar, balki arzon uy-joy taklif qilish orqali ham malakali pedagoglarni ishga jalb etish va ularni kasbda uzoqroq saqlab qolishga harakat qilmoqda. Bu tajriba ta’lim tizimidagi kadrlar muammosini hal etishning yangi va samarali usullaridan biri sifatida baholanmoqda.

 

Avvalroq, O’zbekistonda ayrim pedagoglar uchun ipoteka kreditining 25 foizini qoplash boʻyicha arizalar qabuli boshlangani haqida xabar bergan edik.