Maktabgacha va maktab taʼlimi vazirligining yangi loyihasi jamoatchilik muhokamasiga qoʻyildi. Loyiha qabul qilinsa, talab etiladigan B2 darajadagi milliy yoki unga tenglashtirilgan xalqaro sertifikatga ega boʻlmagan xorijiy til oʻqituvchilari bilan mehnat shartnomasi qonunchilikda belgilangan tartibda bekor qilinadi.
Maktabgacha va maktab taʼlimi vazirligi tomonidan ‘‘Oʻzbekiston Respublikasi Hukumatining ayrim qarorlariga oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritish toʻgʻrisida’’gi qaror loyihasi jamoatchilik muhokamasiga qoʻyildi.
Loyihaga koʻra, Vazirlar Mahkamasining 2021-yil 19-maydagi 312-son qarorining 9-bandiga yangi norma kiritilishi taklif etilmoqda.
Unga koʻra, umumiy oʻrta, oʻrta maxsus va professional taʼlim muassasalarida faoliyat yuritayotgan xorijiy til oʻqituvchilari uchun talab etiladigan tegishli sertifikatga ega boʻlmagan xodimlar bilan tuzilgan mehnat shartnomasi mehnat qonunchiligida belgilangan tartibda bekor qilinadi.
Xorijiy til oʻqituvchilarining kamida B2 darajadagi milliy yoki unga tenglashtirilgan xalqaro sertifikatga ega boʻlish talabi amaldagi hukumat qarorida avvaldan belgilangan.
Muhokamaga qoʻyilgan loyiha esa ushbu talab bajarilmagan taqdirda qoʻllaniladigan huquqiy normani aniqlashtirmoqda.
Loyiha 2026-yil 12-avgustga qadar jamoatchilik muhokamasida boʻladi. Yakuniy qaror muhokama natijalariga koʻra qabul qilinadi.
Eslatib oʻtamiz, avvalroq B2 sertifikatiga ega boʻlish talabi ijrosi pedagoglarning murojaatlari inobatga olinib bir yilga uzaytirilgan, shuningdek, sertifikatga ega boʻlmagan ayrim oʻqituvchilarga 2025-yil yakuniga qadar ishlash uchun vaqt berilgan edi.
Ushbu talab barcha umumiy-oʻrta, oʻrta-maxsus va professional taʼlim muassasalari uchun amal qiladi. Bunda faqatgina ingliz tili emas, balki barcha xorijiy tillar qamrab olinadi (2-xorijiy til ustozlari mustasno).
