15 yillik ish stajiga ega tibbiyot xodimlarining farzandlariga kontrakt uchun subsidiya ajratiladi

15 yillik ish stajiga ega tibbiyot xodimlarining farzandlariga kontrakt uchun subsidiya ajratiladi

Davlat tibbiyot muassasalarida kamida 15 yil ish stajiga ega bo‘lgan tibbiyot va farmatsevtika xodimlarining farzandlari endilikda oliy ta’limdagi kontrakt to‘lovining bir qismini davlat hisobidan qoplatish imkoniyatiga ega bo‘ladi. Buning uchun yillik to‘lov-kontrakt summasining 30 foizi, biroq BHMning 15 baravaridan oshmaydigan qismi subsidiya sifatida ajratiladi.

 

Prezidentning 2025-yil 9-noyabrdagi PQ-336-son qarori bilan davlat tibbiyot muassasalarida faoliyat yuritayotgan tibbiyot va farmatsevtika xodimlarini qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan yangi imtiyozlar joriy etildi.

 

Qarorga asosan, 2026-yil 1-yanvardan boshlab davlat tibbiyot muassasalarida kamida 15 yil ish stajiga ega bo‘lgan tibbiyot va farmatsevtika xodimlarining farzandlari respublika hududidagi oliy ta’lim tashkilotlarining bakalavriat ta’lim yo‘nalishlarida tahsil olayotgan bo‘lsa, ularning yillik to‘lov-kontrakt summasining 30 foizi, biroq bazaviy hisoblash miqdorining 15 baravaridan oshmaydigan qismi Jamg‘arma mablag‘lari hisobidan qoplab beriladi.

 

Mazkur subsidiyadan foydalanishni istagan fuqarolar subsidiya.imv.uz platformasi orqali elektron ariza topshirishlari mumkin.

 

Jumladan, 2026-yil 1-yanvardan boshlab davlat tibbiyot muassasalarida Jamgʻarma mablagʻlari hisobidan:

 

  • tuman (shahar) darajasida yangi davolash usullarini joriy qilgan va uning ijobiy samarasiga erishgan tuman (shahar) tibbiyot muassasalari shifokorlariga bazaviy hisoblash miqdorining 50 baravari miqdorida bir martalik pul mukofoti beriladi;
  • davlat tibbiyot muassasalarida kamida 15 yil ish stajiga ega boʻlgan tibbiyot va farmatsevtika xodimlarining farzandlariga respublika hududidagi oliy taʼlim tashkilotlarida bakalavriat taʼlim yoʻnalishi boʻyicha yillik kontrakt summasining 30 foizi miqdoridagi, biroq bazaviy hisoblash miqdorining 15 baravaridan oshmaydigan qismi qoplab beriladi;
  • tibbiyot va farmatsevtika xodimlarining xalqaro ilmiy-texnik maʼlumotlar bazasida indekslanuvchi va yuqori impakt-faktorli jurnallarda maqolalarni chop etish bilan bogʻliq xarajatlari toʻliq qoplab beriladi;
  • har yili davlat tibbiyot muassasalarida kamida 15 yil ish stajiga ega boʻlgan 500 nafar tibbiyot va farmatsevtika xodimlarini uy-joy bilan taʼminlash uchun ipoteka krediti asosida sotib olinadigan uy-joyning dastlabki badal toʻlovining 25 foizi qoplab beriladi.

 

Bundan tashqari, nizomga muvofiq Sogʻliqni saqlash vazirligi hamda Iqtisodiyot va moliya vazirligining milliy akkreditatsiyadan oʻtgan davlat tibbiyot muassasalari xodimlariga 2026-yil 1-yanvardan boshlab lavozim maoshining 10 foizi miqdorida oylik ustama toʻlash toʻgʻrisidagi taklifiga rozilik berilishi belgilangan.

 

2026-yil 1-yanvardan boshlab davlat tibbiyot muassasalarining tibbiyot va farmatsevtika xodimlariga quyidagi qoʻshimcha imtiyozlar berilsin:

 

  • davlat tibbiyot muassasalarida kamida 3 yil ish stajiga ega boʻlgan xodimlarga Davlat budjeti mablagʻlari hisobidan bir yilda bir marotaba bepul yuqori texnologik ixtisoslashtirilgan tibbiy yordam koʻrsatish;
  • davlat tibbiyot muassasalarida kamida 15 yil ish stajiga ega boʻlgan xodimlarga Kasaba uyushmalari federatsiyasi hamda tibbiyot muassasasining mablagʻlari hisobidan bir yilda bir marotaba respublika hududidagi sanatoriylarga bepul yoʻllanma berish;
  • barcha turdagi davlat xizmatlari uchun toʻlovlar miqdorini ikki barobar kamaytirish.

 

Shu bilan birga, nizomga muvofiq 2026-yil 1-apreldan boshlab davlat tibbiyot muassasalarining ish vaqti rejimi 5 kunlik ish haftasiga oʻtkaziladi. Bunda tibbiyot muassasalari ish faoliyatining uzluksizligini taʼminlash uchun bayram va dam olish kunlari navbatchilik asosida ishlash yoʻlga qoʻyiladi.