OTM va yo‘nalish tanlash bosqichi oldidan imtihonlardan ozod qilingan abituriyentlarda bir qancha tushunmovchiliklar paydo bo‘lmoqda. 5 ta fandan ham milliy va chet tili sertifikatiga ega bo‘lgan abituriyentlar tomonidan yo‘llangan savollar bo‘yicha Talimxabarlari.uz Bilimni baholash agentligidan ma’lumot oldi.
Xabaringiz bor, bugun 25-iyul sanasidan boshlab qabulning ikkinchi bosqichi oliy ta’lim muassasalari hamda ta’lim yo‘nalishlarini tanlash boshlandi.
Shu munosabat bilan tahririyatimizga barcha fanlardan milliy yoki xalqaro sertifikatga ega bo‘lib, test sinovidan ozod etilgan abituriyentlarning umumiy balli ko‘rsatilgan titul varaqasi shakllantiriladimi va natijalarini qayerdan ko‘rish mumkinligi yuzasidan ko‘plab murojaatlar kelib tushmoqda.
Mazkur masalaga aniqlik kiritish maqsadida Talimxabarlari.uz Bilimni baholash agentligi bilan bog‘landi.
Agentlik matbuot kotibining ma’lum qilishicha, barcha 5 ta fandan milliy yoki xalqaro sertifikatga ega bo‘lib, maksimal 189 ballni qo‘lga kiritgan abituriyentlar test sinovida ishtirok etmaganligi sababli ularga test natijalari bo‘yicha titul varaqasi shakllantirilmaydi.
Shuningdek, 5 ta fandan sertifikatga ega bo‘lib, biroq maksimal ballni to‘plamagan, ammo ro‘yxatdan o‘tishda sertifikat natijalaridan foydalanishni tanlagan abituriyentlarga nisbatan ham xuddi shu tartib amal qiladi.
Ya’ni, mazkur toifadagi abituriyentlarga ham test natijalari bo‘yicha titul varaqasi shakllantirilmaydi.
Qayd etilishicha, mazkur toifadagi abituriyentlarning umumiy ballari my.uzbmb.uz platformasidagi shaxsiy kabinetida aks ettirilgan.
Bundan tashqari, ularning ballari mandat.uzbmb.uz platformasiga ham bugun yoki ertaga joylashtirilishi ma’lum qilindi.
Shunday qilib, test sinovidan sertifikat asosida ozod etilgan abituriyentlar o‘zlarining umumiy ballarini my.uzbmb.uz platformasidagi shaxsiy kabineti hamda mandat.uzbmb.uz sayti orqali ko‘rishlari mumkin.
