2026/2027-o‘quv yili uchun oliy va professional ta’lim muassasalariga qabul jarayonlari davom etmoqda. 14-iyul soat 17:30 holatiga ko‘ra, magistratura, texnikumlar, texnikum bitiruvchilarini OTMlarga suhbat asosida qabul qilish hamda ikkinchi mutaxassislik bo‘yicha qabul qilingan ariza soni e’lon qilindi.
Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi ma’lumotlariga ko‘ra, qabul jarayonlari my.edu.uz platformasi orqali onlayn tarzda amalga oshirilmoqda.
Bugun, 14-iyul soat 17:30 holatiga muvofiq magistratura bosqichiga 22 091 ta ariza kelib tushgan. Ariza topshirganlarning 76,4 foizi (16 877 nafar) ayollar, 23,6 foizi (5 214 nafar) erkaklardir.
Magistraturaga hujjatlar 30-iyulgacha (shu kuni ham) qabul qilinadi.
Texnikumlarga qabul: 198 mingdan ortiq ariza
9-sinf bitiruvchilari uchun texnikumlarga qabul bo‘yicha 198 580 ta ariza ro‘yxatdan o‘tkazilgan. Ariza beruvchilarning 65,3 foizi (129 604 nafar) erkaklar, 34,7 foizi (68 976 nafar) ayollardir.
Qabul 570 ta texnikum, 166 ta ta’lim yo‘nalishi bo‘yicha amalga oshirilmoqda. Umumiy qabul kvotasi 202 657 o‘rinni tashkil etadi.
Hujjatlar 20-iyulgacha (shu kuni ham) qabul qilinadi.
Texnikum bitiruvchilari uchun OTMlarga suhbat asosidagi qabul
Texnikumni muvaffaqiyatli tamomlagan bitiruvchilarni oliy ta’lim muassasalariga suhbat asosida qabul qilish bo‘yicha 1 341 ta ariza kelib tushgan. Nomzodlarning 64,9 foizi (870 nafar) ayollar, 35,1 foizi (471 nafar) erkaklardir.
Mazkur yo‘nalish bo‘yicha qabul 25-iyulgacha (shu kuni ham) davom etadi.
Ikkinchi mutaxassislik uchun 6 mingdan ortiq ariza
Ikkinchi va undan keyingi oliy ma’lumot olish istagida bo‘lganlardan 6 194 ta ariza qabul qilingan. Ariza topshirganlarning 61 foizi (3 777 nafar) erkaklar, 39 foizi (2 417 nafar) ayollarni tashkil etadi.
Ikkinchi mutaxassislik bo‘yicha hujjatlar 10-avgustgacha (shu kuni ham) qabul qilinadi.
Eslatib o‘tamiz, barcha yo‘nalishlar bo‘yicha arizalar my.edu.uz platformasi orqali onlayn qabul qilinmoqda.
Shuningdek, 15-iyuldan boshlab o‘qishni ko‘chirish bo‘yicha onlayn arizalar qabuli ham boshlanadi.

