Texnikumlarga qabulda 185 mingdan ortiq ariza topshirildi. Qaysi viloyatlar yetakchilik qilmoqda?

Texnikumlarga qabulda 185 mingdan ortiq ariza topshirildi. Qaysi viloyatlar yetakchilik qilmoqda?

2026/2027-oʻquv yili uchun 9-sinf bazasida texnikumlarga qabul davom etmoqda. 10-iyul soat 18:00 holatiga koʻra, 185 mingdan ortiq ariza qabul qilingan boʻlib, eng koʻp murojaatlar Fargʻona viloyatidan kelib tushgan.

 

Kasbiy taʼlim agentligi maʼlumotlariga koʻra, 2026/2027-oʻquv yili uchun 9-sinf bazasida texnikumlarga qabul jarayonida 10-iyul soat 18:00 holatiga jami 185 350 ta ariza kelib tushgan.

 

Statistikaga koʻra, respublika boʻyicha 587 854 nafar 9-sinf bitiruvchisi mavjud boʻlib, ularning 31,5 foizi texnikumlarga hujjat topshirgan.

 

Ariza topshirganlarning 121 861 nafari (65,7 foiz) oʻgʻil bolalar, 63 489 nafari (34,3 foiz) esa qizlarni tashkil etmoqda.

 

Taʼlim shakllari kesimida 134 334 ta ariza kunduzgi, 47 189 ta dual hamda 3 827 ta xalqaro taʼlim yoʻnalishlariga topshirilgan.

 

Hududlar kesimida Fargʻona viloyati 24 667 ta ariza bilan yetakchilik qilmoqda. Undan keyingi oʻrinlarda Andijon (21 838 ta), Samarqand (20 131 ta), Qashqadaryo (19 468 ta) va Namangan (15 880 ta) viloyatlari qayd etilgan.

 

Joriy qabul jarayonida 570 ta texnikum, 166 ta taʼlim yoʻnalishi hamda 202 657 ta qabul kvotasi belgilangan.

 

Eslatib oʻtamiz, texnikumlarga hujjatlar 20-iyulga qadar (shu kuni ham) my.edu.uz platformasi orqali onlayn qabul qilinadi. Ariza topshirilgandan soʻng ham qabul muddati yakuniga qadar hujjatlardagi kamchiliklarni bartaraf etish hamda kiritilgan maʼlumotlarni tahrirlash mumkin.

 

Ma’lumot uchun, Ta’lim sifatini ta’minlash milliy agentligi tahliliga ko‘ra, 2025/2026-o‘quv yilida 9-sinf bitiruvchilarining 32,2 foizi texnikumlarda tahsil olishni tanlagan. Bu esa har uchinchi 9-sinf bitiruvchisi kasbiy ta’limni tanlaganini ko‘rsatadi.