1-sinf qabuli: Ota-onalarni qiziqtirayotgan eng muhim savollarga javoblar

1-sinf qabuli: Ota-onalarni qiziqtirayotgan eng muhim savollarga javoblar

1-sinfga qabul jarayonida ota-onalarni qiziqtirayotgan eng muhim savollarga aniqlik kiritildi. Xususan, maktab qaysi hollarda qabulni rad etishi mumkinligi, suhbat qanday o‘tkazilishi va huquqlar buzilganda qayerga murojaat qilish mumkinligi yuzasidan izoh berildi.

 

Xabaringiz bor, ayni paytda 1-sinfga qabul jarayoni davom etmoqda. Mazkur qabul jarayoni bo‘yicha ota-onalarni eng ko‘p qiziqtirayotgan savollarga Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali (my.gov.uz) javob berdi.

 

Agar mikrohududda roʻyxatda tursak, direktor qabulni rad etishi mumkinmi?

 

Yoʻq. Amaldagi tartibga koʻra, maktab oʻziga biriktirilgan mikrohududda yashovchi va roʻyxatda boʻlgan bolalarni qabul qilishi shart. Shu sababli “maktabda joy yoʻq” yoki “propiska yaqinda olingan” kabi vajlar qabulni rad etish uchun asos boʻla olmaydi.

 

Qabul komissiyasi arizani qaysi hollarda rad etishi mumkin?

 

Ariza faqat quyidagi uch holatda rad etilishi mumkin:

 

— tibbiy maʼlumotnomada bolaning umumtaʼlim maktabida taʼlim olishi tavsiya etilmagani koʻrsatilgan boʻlsa;

 

— bola tanlangan taʼlim tilini umuman bilmasa;

 

— Onlayn anketada ataylab notoʻgʻri maʼlumotlar koʻrsatilgan boʻlsa (garchi maʼlumotlar FHDYO va IIV bazasidan avtomatik tortilsada).

 

Bolada biror tashxis boʻlsa, oddiy maktabga qabul qilinadimi?

 

Onlayn arizani har qanday holatda yuborishingiz mumkin. Bolani maktabga qabul qilish yoki qilmaslikni tibbiy maʼlumotnomadagi shifokor xulosasi hal qiladi: agar unda oddiy maktabda oʻqish toʻgʻridan-toʻgʻri taqiqlanmagan boʻlsa, komissiyaning rad etishga haqqi yoʻq.

 

Maktabdagi suhbat nima uchun oʻtkaziladi?

 

Suhbat faqat taʼlim boshqa tilda olib boriladigan sinflarga qabul qilinayotgan bolalar uchun oʻtkaziladi. Unda bolaning bilim darajasi emas, balki tanlangan tilda oddiy muloqot qila olishi baholanadi.

 

my.gov.uz portalida “Sizda faol ariza mavjud” degan xabar nimani anglatadi?

 

Bu ota-onadan biri farzandi uchun my.maktab.uz platformasida ariza toʻldirishni boshlaganini anglatadi. Bunday holatda arizani yakunlash yoki uni bekor qilib, qayta topshirish tavsiya etiladi.

 

Huquq buzilishi yoki adolatsizlikka duch kelinsa, qayerga murojaat qilish mumkin?

 

Bunday holatlarda Maktabgacha va maktab taʼlimi vazirligining +998 (71) 202-09-09 ishonch telefoniga murojaat qilish mumkin.

 

Eslatib oʻtamiz, 1-sinfga qabulning asosiy bosqichi 31-iyulgacha davom etadi va bu davrda faqat mikrohudud boʻyicha hujjatlar qabul qilinadi. 1–31-avgust kunlari esa tuman hududidagi boʻsh oʻrin mavjud boshqa maktablarga hujjat topshirish imkoniyati yaratiladi.