Har uchinchi 9-sinf bitiruvchisi texnikumda o‘qishni tanlamoqda — tahlil

Har uchinchi 9-sinf bitiruvchisi texnikumda o‘qishni tanlamoqda — tahlil

2025/2026-oʻquv yilida texnikumlarga 249 ming nafardan ortiq yosh qabul qilingan. Tahlillarga koʻra, har uchinchi 9-sinf bitiruvchisi kasbiy taʼlimni tanlagan.

 

Taʼlim sifatini taʼminlash milliy agentligi tomonidan eʼlon qilingan tahlilga koʻra, 2025/2026 o‘quv yilida texnikumlarga 249 ming nafardan ortiq yosh qabul qilingan. Shundan 161 ming nafardan ziyodi 9-sinf bitiruvchilari boʻlib, ularning kasbiy taʼlim bilan qamrovi 32,2 foizni tashkil etgan.

 

11-sinf bitiruvchilari orasida esa 87 ming 905 nafar yosh texnikumlarda oʻqishni davom ettirgan.

 

Shuningdek, 41 ming nafardan ortiq oʻquvchi dual taʼlim shakliga qabul qilingan. Natijada har olti nafar oʻquvchidan biri oʻqish bilan birga ishlab chiqarishda amaliy tajriba ham orttirmoqda.

 

Yoshlar orasida eng ommabop kasb va mutaxassisliklar quyidagilar:

 

— avtomobillarni taʼmirlash va ularga xizmat koʻrsatish – 20%;

— tikuvchilik – 7%;

— hamshiralik – 6%;

— traktorchi-mashinistlik – 5%;

— davolash ishi – 4%;

— kompyuter grafikasi va qayta ishlash ustasi – 4%;

— raqamli axborotlarni qayta ishlash ustasi – 3%.

 

Tahlillarga koʻra, davlat granti asosida qabul qilinganlarning 52,9 foizi muhandislik, ishlov berish va qurilish yoʻnalishlariga, kontrakt asosida qabul qilinganlarning qariyb 65 foizi esa tibbiyot va jamoat salomatligi yoʻnalishlariga toʻgʻri kelgan.

 

Ayni paytda 2026/2027-oʻquv yili uchun qabul davom etmoqda. Kasbiy taʼlim agentligi maʼlumotiga koʻra, 8-iyul soat 18:00 holatiga texnikumlarga (9-sinf bazasida) 172 ming 685 ta ariza kelib tushgan.

 

Bu koʻrsatkich joriy yilda 9-sinfni tamomlagan 587 ming 854 nafar bitiruvchining qariyb 29,4 foizi texnikumlarga hujjat topshirganini anglatadi.

 

Hududlar kesimida eng koʻp ariza Fargʻona (23 782 ta), Andijon (21 372 ta), Samarqand (19 147 ta) va Qashqadaryo (18 405 ta) viloyatlarida qayd etilgan.

 

Texnikumlarga hujjatlar 20-iyulga qadar my.edu.uz platformasi orqali onlayn qabul qilinadi. Ariza topshirgan talabgorlar qabul muddati yakuniga qadar maʼlumotlarini tahrirlashi hamda hujjatlardagi kamchiliklarni bartaraf etishi mumkin.