Samarqandda menejerlik sertifikatini ololmagan bog‘cha direktorlari ishdan bo‘shatildimi? Rasmiy munosabat bildirildi

Samarqandda menejerlik sertifikatini ololmagan bog‘cha direktorlari ishdan bo‘shatildimi? Rasmiy munosabat bildirildi

Samarqand viloyati Maktabgacha va maktab taʼlimi boshqarmasi menejerlik sertifikatini ololmagan davlat maktabgacha taʼlim tashkilotlari direktorlarining lavozimdan ozod etilishi boʻyicha tarqalgan xabarlarga izoh berdi. Rasmiylarga koʻra, bunday qarorlar Vazirlar Mahkamasining tegishli qarori asosida qabul qilinadi.

 

Ijtimoiy tarmoqlarda Samarqand shahridagi ayrim davlat maktabgacha taʼlim tashkilotlari direktorlarining menejerlik sertifikatini ololmagani sababli ular bilan mehnat shartnomasi bekor qilingani boʻyicha xabarlar tarqaldi.

 

Holat yuzasidan viloyat MMTB tomonidan rasmiy munosabat bildirildi.

 

Maʼlum qilinishicha, amaldagi qonunchilikka muvofiq, davlat maktabgacha taʼlim tashkilotlari direktorlarini lavozimga tayinlash va lavozimidan ozod etish hududiy Maktabgacha va maktab taʼlimi boshqarmalari vakolatiga kiradi.

 

Vazirlar Mahkamasining 2024-yil 27-avgustdagi 531-son qaroriga muvofiq, 2025-yil 1-yanvardan boshlab davlat maktabgacha taʼlim tashkiloti direktori lavozimiga nomzodlar maxsus oʻquv kurslarini tamomlab, elektron menejerlik sertifikatini olishi majburiy etib belgilangan.

 

Nizomning 39-bandiga koʻra, imtihonlardan oʻta olmagan rahbar va nomzodlarga nisbatan quyidagi choralar koʻriladi:

 

– Nomzodlar uchun: Yakuniy sinovda yetarli ball toʻplay olmagan nomzodlarga bir yil davomida yana bir marta qayta imtihon topshirish huquqi beriladi;

 

– Amaldagi direktorlar uchun: Birinchi urinishda sinovdan oʻta olmagan amaldagi direktorlarga ikki oy muddat ichida qayta imtihon topshirish imkoniyati beriladi;

 

– Mehnat shartnomasini bekor qilish asoslari: Belgilangan ikki oy ichida qayta sinovdan oʻtmagan yoki ikkinchi imtihonda ham yetarli ball toʻplay olmagan amaldagi direktorlar belgilangan tartibda lavozimidan ozod etiladi.

 

“Yuqoridagi talablarni bajarmaslik qonuniy tartibda mehnat shartnomasini bekor qilishga sabab boʻladi” — deydi rasmiylar.

 

Shu oʻrinda Samarqand viloyati Maktabgacha va maktab taʼlimi boshqarmasi ijtimoiy tarmoq foydalanuvchilaridan asoslantirilmagan xabarlar tarqatmasligini soʻragan.