Andijonda erkak turmush oʻrtogʻini u ishlaydigan maktab binosida pichoqlab oʻldirdi. Sud hukmiga koʻra, u 19-yil muddatga ozodlikdan mahrum qilindi.
Andijon viloyatining Asaka tumanida turmush oʻrtogʻini maktab binosida pichoqlab oʻldirgan erkakka nisbatan sud hukmi eʼlon qilindi. U 19-yil muddatga ozodlikdan mahrum etildi.
Sud hujjatlariga koʻra, er-xotin oʻrtasidagi oilaviy kelishmovchiliklar uzoq vaqt davom etgan. Mojarolar sabab ayol bir necha bor farzandlari bilan ota-onasinikiga ketgan. Munosabatlarni tiklash maqsadida erkak yashab turgan uyni notarial tartibda turmush oʻrtogʻi nomiga rasmiylashtirib bergan boʻlsada, bu oiladagi nizolarga barham bermagan.
Sudlanuvchining aytishicha, keyinchalik turmush oʻrtogʻi uy oʻz nomida ekanini va uni sotishi mumkinligini bildirgan. Erkak esa ayolini bir necha bor yarashishga va uyga qaytishga koʻndirishga uringan, biroq bunga muvaffaq boʻlmagan.
Aniqlanishicha, voqea sodir boʻlgan kuni u bozordan kiyim-kechak hamda roʻzgʻor uchun xoʻjalik pichogʻi xarid qilgan. Shundan soʻng onasi qoʻngʻiroq qilib, turmush oʻrtogʻi uyni xaridorlarga koʻrsatish uchun kelayotganini aytgach, u bilan gaplashish maqsadida ayol ishlaydigan maktabga borgan.
Fojia 27-yanvar kuni soat 15:30 atrofida Asaka tumanidagi maktab binosida yuz bergan. Maktab koridorida er-xotin oʻrtasidagi suhbat tortishuvga aylangan. Oqibatda erkak oʻzi bilan olib kelgan xoʻjalik pichogʻi bilan ayolga bir necha marotaba tan jarohati yetkazgan. Jabrlanuvchi olgan jarohatlari oqibatida voqea joyida vafot etgan.
Sudda soʻzlagan sudlanuvchi janjal vaqtida oʻzini boshqara olmaganini bildirib, voqea tafsilotlarini toʻliq eslay olmasligini aytgan.
Hodisa ortidan erkak oʻz yashash xonadoniga qaytib, joniga qasd qilishga uringan. Uni akasi vaqtida koʻrib qolib, shifoxonaga yetkazgan. Shifokorlar tomonidan koʻrsatilgan tibbiy yordam natijasida uning hayoti saqlab qolingan.
Sud hukmiga koʻra, erkak Jinoyat kodeksining 97-moddasi ikkinchi qismi “j”, “i” va “l” bandlarida nazarda tutilgan jinoyatni sodir etganlikda aybdor deb topilib, 19-yil muddatga ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlandi.
Avvalroq, Andijonda voyaga yetmagan bolalar janjaliga aralashgan erkakka nisbatan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgani haqida xabar bergan edik.
