Angren shahridagi umumtaʼlim maktabi direktori va uning oʻquv ishlari boʻyicha direktor oʻrinbosari ishga qabul qilish va qoʻshimcha dars soatlari ajratish evaziga pora olish, pora olishda vositachilik qilish hamda “E-maktab” elektron platformasiga soxta maʼlumotlar kiritishda aybdor deb topilib, 3-yil muddatga ozodlikni cheklash jazosiga hukm qilindi.
Sud hujjatlariga koʻra, maktab direktori oʻquv ishlari boʻyicha direktor oʻrinbosari vositachiligida maktabning biologiya fani oʻqituvchisini maktab targʻibotchisi lavozimiga tayinlashni vaʼda qilgan. Evaziga esa, ushbu lavozimga tayinlangach, har oy oladigan ish haqidan maʼlum miqdorda pul berib borishini talab qilgan.
Shundan soʻng biologiya fani oʻqituvchisi maktab targʻibotchisi lavozimiga tayinlangan. Talab qilingan pul mablagʻlari direktor oʻrinbosari vositachiligida direktorning yaqin qarindoshiga tegishli bank plastik kartasiga oʻtkazilib, keyinchalik shaxsiy ehtiyojlar uchun sarflab yuborilgan.
Bundan tashqari, maktab direktori oʻquv ishlari boʻyicha direktor oʻrinbosari orqali psixologiya fani oʻqituvchisiga texnologiya fanidan haftasiga qoʻshimcha dars soatlari berish evaziga ham pora talab qilgan. Sud hujjatlarida qayd etilishicha, pul mablagʻlari bank plastik kartasi orqali oʻtkazilgan.
Shuningdek, maktab direktori topshirigʻi asosida direktor oʻrinbosari texnologiya fani oʻqituvchisiga haftasiga qoʻshimcha 4 soat dars yuklamasi ajratilishi masalasida pora olish va berishda vositachilik qilgan. U tomonlar oʻrtasida kelishuvga erishib, qoʻshimcha dars soatlarining oʻqituvchiga biriktirilishiga koʻmaklashgan.
Sud materiallariga koʻra, maktab rahbariyati mansab vakolatidan foydalanib, 1-chorak davomida dars mashgʻulotlariga sababsiz surunkali qatnashmagan, biroq fan toʻgaraklariga kelib yurgan ayrim oʻquvchilarning davomatini hamda kunlik va choraklik baholarini “E-maktab” elektron platformasiga asossiz ravishda kiritgan. Shu tariqa rasmiy hujjatlarga bila turib yolgʻon maʼlumotlar kiritilgan.
Sud majlisida guvohlarning koʻrsatmalari, bank oʻtkazmalari, telefon yozishmalari, plastik kartalar boʻyicha maʼlumotlar hamda boshqa dalillar oʻrganilib, maktab direktori va uning oʻquv ishlari boʻyicha direktor oʻrinbosarining pora olish, pora olishda vositachilik qilish hamda mansab soxtakorligi bilan bogʻliq harakatlari oʻz tasdigʻini topgani qayd etilgan.
Hukmga koʻra, maktab direktori Jinoyat kodeksining 210-moddasi 2-qismi “a”, “v” bandlari hamda 209-moddasi 1-qismi, direktor oʻrinbosari esa 212-moddasi 2-qismi “a” bandi hamda 209-moddasi 1-qismi bilan aybdor deb topilgan.
Sud ularga 3-yil muddatga ozodlikni cheklash jazosi tayinladi. Shuningdek, mahkumlarga yashash joyini vakolatli organ roziligisiz oʻzgartirmaslik, muayyan joylarga bormaslik hamda nazorat organi tomonidan belgilangan boshqa cheklovlarga rioya etish majburiyati yuklatilgan.
Avvalroq, Qoraqalpog‘istonda maktab direktori o‘qituvchini o‘ziga o‘rinbosar qilish evaziga pora olgani haqida xabar bergan edik.


