Texnikumlarga hujjat topshirganlar soni 144 mingdan oshdi

Texnikumlarga hujjat topshirganlar soni 144 mingdan oshdi

2026/2027-o‘quv yili uchun texnikumlarga (9-sinf bazasida) qabul jarayoni boshlanganiga to‘rt kun bo‘ldi. 4-iyul soat 18:00 holatiga ko‘ra, texnikumlarda o‘qish istagini bildirgan talabgorlardan 144 674 ta ariza qabul qilingan.

 

Kasbiy ta’lim agentligi ma’lumotiga ko‘ra, joriy yilda 9-sinfni 587 854 nafar o‘quvchi tamomlagan bo‘lib, hozirga qadar ularning 24,6 foizi texnikumlarga hujjat topshirgan.

 

Qabul statistikalariga ko‘ra:

 

  • 105 996 ta ariza kunduzgi ta’lim shakliga;
  • 35 969 ta ariza dual ta’lim shakliga;
  • 2 709 ta ariza xalqaro ta’lim yo‘nalishlariga topshirilgan.

 

Jinslar kesimida ariza topshirganlarning 96 832 nafari (66,9 foiz) o‘g‘il bolalar, 47 842 nafari (33,1 foiz) esa qizlarni tashkil etmoqda.

 

Hududlar kesimida eng ko‘p ariza Farg‘ona viloyatidan kelib tushgan bo‘lib, ularning soni 20 370 tani tashkil etgan. Keyingi o‘rinlarda Andijon (20 268 ta), Samarqand (16 406 ta), Qashqadaryo (15 783 ta) va Namangan (13 157 ta) viloyatlari qayd etilgan.

 

Ma’lumot uchun, joriy o‘quv yili uchun 570 ta texnikumda 166 ta kasb-hunar yo‘nalishi bo‘yicha jami 202 657 ta qabul kvotasi ajratilgan.

 

Eslatib o‘tamiz, 9-sinf bitiruvchilari uchun hujjatlar 20-iyulga qadar (shu kuni ham) my.edu.uz platformasi orqali onlayn qabul qilinadi.

 

Shuningdek, ariza topshirilgandan so‘ng qabul muddati yakuniga qadar hujjatlardagi kamchiliklarni bartaraf etish hamda kiritilgan ma’lumotlarni tahrirlash imkoniyati mavjud.