Farg‘ona viloyatining Oltiariq tumanida o‘z xonadonida noqonuniy diniy ta’lim tashkil etgan shaxs qo‘lga olindi. U 12 nafar voyaga yetmaganga pulli diniy saboq berib, ularga nisbatan muntazam ravishda jismoniy va ruhiy tazyiq o‘tkazgani aytilmoqda. Holat yuzasidan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, gumonlanuvchi qamoqqa olingan.
Farg‘ona viloyati Oltiariq tumani Ichki ishlar bo‘limi hamda Davlat xavfsizlik xizmati xodimlari hamkorligida o‘tkazilgan tezkor tadbir davomida 1991-yilda tug‘ilgan fuqaro o‘z yashash xonadonida noqonuniy «hujra» tashkil etib, 12 nafar voyaga yetmaganga diniy saboq berib kelgani aniqlangan.
Ma’lum qilinishicha, voyaga yetmaganlarning 4 nafari Namangan viloyatidan bo‘lgan.
Bolalar bepul o‘qitilmagan, ularning ota-onalari har bir farzandi uchun 150 AQSH dollari miqdorida to‘lov qilgan.
Dastlabki ma’lumotlarga ko‘ra, dars jarayonida bolalarga muntazam ravishda jismoniy va ruhiy tazyiq o‘tkazilgan.
‘‘Darslarni bajarmasak, bizni jazolardi. Ovqat bermasdi, uxlatmasdi. Agar xato qilsak, qamchi bilan kaltaklardi’’, — deydi voyaga yetmaganlardan biri.
Holat yuzasidan mazkur shaxsga nisbatan O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 229²-moddasi (diniy taʼlimotdan saboq berish tartibini buzish), 110-moddasi (qiynash) hamda 138-moddasi (zoʻrlik ishlatib gʻayriqonuniy ravishda ozodlikdan mahrum qilish) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, qamoqqa olingan.
Shuningdek, noqonuniy diniy ta’lim olgan voyaga yetmaganlarning ota-onalariga nisbatan Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning tegishli moddasiga asosida ma’muriy bayonnomalar rasmiylashtirilgan.
