Qirg‘izistonda maktab ta’limi tizimi rasman 12 yillik modelga o‘tkazildi. Yangi tartibga ko‘ra, ta’lim uch bosqichda tashkil etiladi, maktablarda esa 5 yoki 6 kunlik o‘quv haftasi joriy etilishi mumkin.
Qirg‘iziston Vazirlar Mahkamasi ta’lim sohasiga oid qonunchilikka o‘zgartirishlar kiritdi. Unga ko‘ra, mamlakat maktablarida 12 yillik umumiy o‘rta ta’lim tizimi rasman joriy etildi.
Bu haqda Bulak.kg nashri xabar berdi.
Yangi tartibga muvofiq, boshlang‘ich ta’lim 6 yil, asosiy umumiy ta’lim 3 yil va yuqori bosqich ta’limi yana 3 yil davom etadi.
Shuningdek, hukumat qaroriga ko‘ra, maktablarda o‘quv haftasi ta’lim muassasasining imkoniyatlari va o‘quv jarayonini tashkil etish xususiyatidan kelib chiqib, 5 yoki 6 kunlik etib belgilanishi mumkin.
O‘quv yilining davomiyligi kamida 34 o‘quv haftasini tashkil etadi. Bunda 1-sinf o‘quvchilari uchun o‘quv yili 32 hafta, 2-sinf o‘quvchilari uchun esa 33 hafta etib belgilangan. Umumiy ta’til muddati kamida 30 kunni, yozgi ta’til esa kamida 14 haftani tashkil qiladi.
Avvalroq, O‘zbekistonda ham 12 yillik ta’lim tizimi joriy etilishi haqida xabar bergan edik.
