Ixtisoslashtirilgan maktablarga kirish imtihonidagi test topshiriqlari tarqalgani yuzasidan Agentlik munosabat bildirdi

Ixtisoslashtirilgan maktablarga kirish imtihonidagi test topshiriqlari tarqalgani yuzasidan Agentlik munosabat bildirdi

Ixtisoslashtirilgan maktablarga kirish imtihonlari vaqtida Qashqadaryo viloyatida 5-sinf uchun moʻljallangan test topshiriqlaridan biri imtihon hududidan tashqariga olib chiqilib, uchinchi shaxslarga tarqatilgani aniqlangan. Holat yuzasidan huquqni muhofaza qiluvchi organlarga xabar berilgan.

 

Ixtisoslashtirilgan taʼlim muassasalari agentligi 2026–2027-oʻquv yili uchun oʻtkazilayotgan kirish imtihonlari jarayonida Qashqadaryo viloyatida yuz bergan holat boʻyicha rasmiy munosabat bildirdi.

 

Maʼlum qilinishicha, 29-iyun kuni 5-sinf uchun oʻtkazilgan birinchi variant test topshiriqlari imtihon oʻtkazilayotgan hududdan olib chiqilib, uchinchi shaxslarga tarqatilgan.

 

Agentlik ushbu holat yuzasidan belgilangan tartibda huquqni muhofaza qiluvchi organlarga xabar bergan. Hozirda vakolatli organlar tomonidan qonunchilikka muvofiq oʻrganish ishlari olib borilmoqda.

 

Dastlabki oʻrganishlarga koʻra, mazkur holat ayrim shaxslarning belgilangan tartibni buzgan noqonuniy harakatlari oqibatida yuzaga kelgan.

 

Agentlikning taʼkidlashicha, bir kunda turli smenalarda imtihon topshirayotgan barcha talabgorlar uchun adolatli va xolis baholashni taʼminlash maqsadida har bir smena uchun test variantlari alohida ishlab chiqiladi. Test topshiriqlari mazmunan mustaqil boʻlib, savollar va javob variantlari takrorlanmaydi.

 

Shuningdek, Agentlik ota-onalarga murojaat qilib, imtihon jarayonida qonunchilik talablariga qatʼiy rioya etish muhimligini eslatdi.

 

‘‘Hurmatli ota-onalar! Farzandlaringizni halollik, qonunlarga hurmat, teng raqobat va oʻz bilimiga ishonish ruhida tarbiyalashingizni soʻraymiz. Imtihon materiallarini noqonuniy olib chiqish, tarqatish yoki ulardan noqonuniy foydalanish amaldagi qonunchilikka muvofiq javobgarlikka sabab boʻlishi mumkin’’, — deyiladi munosabatda.

 

Agentlik kirish imtihonlari respublika boʻylab bir vaqtda boshlanib, bir vaqtda yakunlanishini, barcha jarayonlar ochiq, shaffof va adolatli tamoyillar asosida tashkil etilayotganini qayd etdi.