Jamoat xavfsizligi universitetida kunduzgi va masofaviy ta’lim kvotalarini oshirish, ‘‘Huquqbuzarliklar profilaktikasi faoliyati’’ yo‘nalishi va alohida kafedra tashkil etish, shuningdek, o‘quv dasturlariga sun’iy intellekt, dron texnologiyalari, geoaxborot tizimlari va konfliktologiya kabi zamonaviy fanlarni kiritish taklif etildi.
Bugun, 29-iyun kuni Prezident Shavkat Mirziyoyev profilaktika inspektorlari va jamoat xavfsizligini ta’minlash faoliyatini takomillashtirish, sohada kadrlar tayyorlash tizimini rivojlantirish yuzasidan takliflar taqdimoti bilan tanishdi.
Unda jamoat xavfsizligi tizimi uchun zamonaviy bilim va ko‘nikmalarga ega mutaxassislar tayyorlash maqsadida Jamoat xavfsizligi universitetini transformatsiya qilish taklif etildi.
Xususan, universitetning kunduzgi ta’lim kvotasini 600 nafargacha, masofaviy ta’lim kvotasini esa 300 nafargacha oshirish rejalashtirilmoqda.
Shuningdek, universitetda huquqbuzarliklar profilaktikasi, yo‘l harakati xavfsizligi, jamoat tartibini saqlash va qo‘riqlash faoliyati yo‘nalishlarida kadrlar tayyorlash davom ettiriladi.
Bundan tashqari, ‘‘Huquqbuzarliklar profilaktikasi faoliyati’’ yo‘nalishi va alohida kafedra tashkil etilishi, xotin-qizlar, yoshlar, voyaga yetmaganlar hamda bozor va savdo majmualari bo‘yicha profilaktika inspektorlarini tayyorlash yo‘lga qo‘yilishi ko‘zda tutilgan.
O‘quv dasturlariga xavf-xatar tahlili, geoaxborot tizimlari, dron va robototexnika, profayling, konfliktologiya, muammoli sotsiologiya, ochiq manbalardan foydalangan holda raqamli tahlil, oilaviy mediatsiya kabi zamonaviy fanlarni kiritish taklif qilindi.
Bundan tashqari, ichki ishlar organlarida kadrlar tayyorlashning ta’lim klasteri ham shakllantiriladi. Bu jarayonda umumiy o‘rta ta’limdan boshlab idoraviy ixtisoslashtirilgan maktab-internat, akademik litseylar, ichki ishlar texnikumlari, Ichki ishlar vazirligi akademiyasi va malaka oshirish institutlarigacha bo‘lgan uzluksiz tizim yo‘lga qo‘yiladi.
Kasbiy ta’lim tizimini joriy etish doirasida Namangan va Samarqand texnikumlarida o‘rta-maxsus ma’lumotga ega ofitser va safdorlar tayyorlanadi. O‘quv jarayonida yuridik-texnik ta’lim, jismoniy bardoshlik, jangovar shaylik, raqamli texnologiyalar, kasbiy ta’lim, birinchi tibbiy yordam, dron va AT platformalar bilan ishlash kabi yo‘nalishlarga alohida e’tibor qaratiladi. Dual ta’lim asosida nazariya va amaliyot uyg‘unlashtiriladi.
Ichki ishlar vazirligi akademiyasini ham transformatsiya qilish taklif etildi. Akademiya faoliyati “ta’lim – tadqiqot – amaliyot” zanjiri asosida qayta tashkil etilib, jamoat xavfsizligini ta’minlash, tezkor-qidiruv faoliyati, kiberjinoyatlarga qarshi kurashish, ekspert-kriminalistika va ijtimoiy reabilitatsiya yo‘nalishlarida ixtisoslashgan maktablar shakllantiriladi.
Yangi dual ta’lim matritsasi asosida kursantlar “o‘qish – amaliyot – faoliyat” tamoyili bo‘yicha tayyorlanadi. Rahbar kadrlar malakasini oshirish tizimi tubdan takomillashtiriladi.
Taqdimot yakunida davlat rahbari bildirilgan takliflarni ma’qullab, jamoat xavfsizligi tizimi uchun kadrlar tayyorlashni zamonaviy talablar asosida tashkil etish yuzasidan mutasaddilarga tegishli topshiriqlar berdi.
