Singapurdagi maxsus ehtiyojli bolalar bog‘chasida ishlagan tarbiyachi 6 yoshli bolaga nisbatan zo‘ravonlik qilgani uchun 18 oyga ozodlikdan mahrum etildi. Sud uning pedagogik faoliyatni davom ettirish huquqini ham bekor qildi.
Singapurdagi bog‘chalardan birida faoliyat yuritgan 45 yoshli tarbiyachi alohida ehtiyojli olti yoshli bolaga nisbatan zo‘ravonlik ishlatgani uchun 18 oy muddatga ozodlikdan mahrum etildi. Bu haqda The Straits Times nashri xabar berdi.
Ma’lum qilinishicha, sud qaroriga ko‘ra, u endilikda pedagogik faoliyat bilan shug‘ullanish huquqidan ham mahrum bo‘ladi.
Aniqlanishicha, voqea maxsus ta’lim dasturi asosida faoliyat yurituvchi bog‘chada sodir bo‘lgan. Jabrlanuvchi autizm, diqqat yetishmovchiligi va giperfaollik sindromi (DEHB), shuningdek nutq rivojlanishidagi kechikish tashxisi qo‘yilgan olti yoshli bola bo‘lgan.
Tergov ma’lumotlariga ko‘ra, mashg‘ulot vaqtida bolaning xatti-harakatidan jahli chiqqan tarbiyachi qo‘lidagi ruchka bilan uning bosh qismiga bir necha bor urgan. Shundan so‘ng u voqeani yashirish maqsadida bolaning o‘yinchoq bilan jarohatlanganini ota-onasiga aytgan.
Biroq bolaning ota-onasi bu izohga ishonmagan va bog‘cha ma’muriyatidan kuzatuv kameralari yozuvlarini taqdim etishni so‘ragan. Videotasvirlar tarbiyachining bolaga nisbatan zo‘ravonlik qilganini tasdiqlagan.
Sud majlisida himoya tomoni ayblanuvchi otasining og‘ir xastaligi sabab ruhiy bosim ostida bo‘lganini, ilgari qonunbuzarlik sodir etmaganini hamda 10 yil davomida ijobiy tavsif bilan ishlaganini bildirib, jazoni yengillashtirishni so‘ragan.
Biroq sud bu vajlarni qabul qilmagan. Sudya o‘zini himoya qila olmaydigan bolaga nisbatan zo‘ravonlik qo‘llanilgani va ayblanuvchining voqeani yashirishga uringanini og‘irlashtiruvchi holat sifatida baholab, unga 1 yil 6 oy (18 oy) muddatga ozodlikdan mahrum qilish jazosini tayinlagan.
