Ta’lim darajasi past maktablarda ishlash istagidagi pedagoglar 25-iyulgacha murojaat qilishi mumkin

Ta’lim darajasi past maktablarda ishlash istagidagi pedagoglar 25-iyulgacha murojaat qilishi mumkin

2026–2027-oʻquv yilida taʼlim darajasi yuqori boʻlmagan maktablarda faoliyat yuritish istagini bildirgan oliy va birinchi toifali pedagoglar 25-iyulga qadar toʻgʻridan-toʻgʻri maktab direktoriga murojaat qilishi mumkin. Nomzodlar belgilangan mezonlar asosida suhbatdan oʻtkaziladi.

 

2026–2027-oʻquv yilida taʼlim darajasi yuqori boʻlmagan umumtaʼlim maktablarida ishlash istagini bildirgan oliy va birinchi malaka toifasiga ega oʻqituvchilar uchun murojaatlar yuborish davom etmoqda.

 

Amaldagi tartibga koʻra, pedagoglar 15-maydan 25-iyulga qadar elektron platformada eʼlon qilingan taʼlim darajasi yuqori boʻlmagan maktablardan birini tanlab, vakant dars soatlari boʻyicha toʻgʻridan-toʻgʻri maktab direktoriga murojaat qiladi.

 

Buning uchun nomzodlar direktor nomiga ariza, doimiy yashash manzili va aloqa maʼlumotlari koʻrsatilgan obyektivka hamda birinchi yoki oliy malaka toifasini tasdiqlovchi sertifikat nusxasini taqdim etishi lozim.

 

Nomzodlarni saralash maktab direktori boshchiligida tuziladigan ishchi guruh tomonidan amalga oshiriladi. Agar bir vakant oʻringa ikki yoki undan ortiq nomzod daʼvogarlik qilsa, ular kasbiy bilim va koʻnikmalari, pedagogik mahorati hamda psixologik qobiliyati boʻyicha suhbatdan oʻtkaziladi. Zaruratga koʻra suhbat onlayn shaklda ham tashkil etilishi mumkin.

 

Taʼlim darajasi yuqori boʻlmagan maktablarda ishlash uchun pedagoglardan:

 

  • tegishli fan yoʻnalishi boʻyicha oliy maʼlumotga ega boʻlishi;
  • dars berayotgan fani boʻyicha birinchi yoki oliy malaka toifasiga ega boʻlishi;
  • boshqa hududda kamida bir yil pedagogik faoliyat yuritgan boʻlishi;
  • ishlayotgan maktabi taʼlim darajasi yuqori boʻlmagan maktablar roʻyxatiga kirmagan boʻlishi talab etiladi.

 

Eslatib oʻtamiz, 2026–2027-oʻquv yili uchun taʼlim darajasi yuqori boʻlmagan maktablar roʻyxatiga 303 ta umumtaʼlim maktabi kiritilgan.

 

Bunday maktablarga boshqa hududlardan jalb etilgan oliy va birinchi toifali pedagoglarga amaldagi tartibga muvofiq bazaviy tarif stavkasining 50 foizidan 100 foizigacha maxsus ustamalar toʻlanadi.

 

Bunda:

 

  • bir viloyat doirasida boshqa tuman va shaharlardan kelib faoliyat yuritayotgan oʻqituvchilarning bazaviy tarif stavkalariga 50 foiz;
  • boshqa viloyatdan kelib faoliyat yuritayotgan oʻqituvchilarning bazaviy tarif stavkalariga 100 foiz maxsus ustama toʻlanadi.

 

Bundan tashqari, boshqa hududlardan jalb qilingan oliy va birinchi toifaga ega oʻqituvchi-pedagoglarning bazaviy tarif stavkalariga maxsus ustamalar ular borgan maktab taʼlim darajasi yuqori boʻlmagan maktablar roʻyxatidan chiqarilgan yildan keyingi yil uchun ham toʻlanishi koʻzda tutilgan.

 

Taʼlim darajasi yuqori boʻlmagan maktablar roʻyxati bilan quyidagi havolada batafsil tanishishingiz mumkin.