Maktabgacha va maktab ta’limi vaziri E’zozxon Karimovaning ma’lum qilishicha, ushbu masala bo‘yicha qonun loyihasini ishlab chiqib, jamoatchilik muhokamasiga qo‘yish ko‘zda tutilmoqda.
E’zozxon Karimovaning ta’kidlashicha, mazkur masala yuzasidan parlament deputatlari va senatorlar bilan o‘zaro muhokamalar o‘tkazilgan hamda qonun loyihasi ishlab chiqib, uni jamoatchilik muhokamasiga qo‘yish rejalashtirilmoqda.
“Biz ham hozir ushbu masalani o‘ylayapmiz. Bu bo‘yicha deputatlarimiz va senatorlarimiz bilan ham gaplashdik. Qonun loyihasini ishlab chiqib, jamoatchilik muhokamasiga qo‘ymoqchimiz. Bu tartib bizda ham bo‘lishi kerak, deb o‘ylayman”, — deydi vazir.
U bolalarni telefondan to‘liq voz kechtirishning imkoni yo‘qligi, ammo undan foydalanish madaniyatini shakllantirish muhimligini qayd etdi.
“Hozir texnika asri, bolalarimizdan telefonlarni yulib ololmaymiz. Albatta, telefon kerak. Ammo undan foydalanish madaniyati va me’yori ham bo‘lishi zarur. O‘quvchining maktabga kirishdan oldin telefonini qoldirishga oid buyruq chiqqan va odob-axloq qoidalari ham mavjud. Lekin bu qoidalar qayerdadir ishlaydi, qayerdadir esa ishlamaydi. Buni endilikda qattiq nazoratga olib, 16 yoshgacha bo‘lgan bolalarimizni ijtimoiy tarmoqlardan foydalanishni qonun bilan cheklamoqchimiz”, — deydi E’zozxon Karimova.
