Sariosiyolik abituriyent qiz muddatidan avval talaba bo‘lish imkoniyatini qo‘lga kiritdi

Sariosiyolik abituriyent qiz muddatidan avval talaba bo‘lish imkoniyatini qo‘lga kiritdi

Bugungi kunda oliy ta’limga kirishda milliy sertifikatlar yoshlar uchun katta imkoniyatlar eshigini ochmoqda. Ana shunday yutuqqa erishgan o‘quvchilardan biri Surxondaryo viloyati Sariosiyo tumanidagi 27-maktabning 11-sinf bitiruvchisi Sayfullayeva Sabrina hisoblanadi.

 

Sabrina ingliz tili fanidan B2, ona tili va adabiyot fanidan B+, tarix fanidan C+ hamda matematika fanidan C+ darajali milliy sertifikatlarni qo‘lga kiritib, muddatidan avval talabalik sari muhim qadam tashladi.

 

Talimxabarlari.uz sayti muxbiri mazkur o‘quvchi bilan sertifikatga tayyorgarlik jarayoni va rejalari haqida suhbatlashdi.

 

Kelajakdagi rejalari haqida gapirar ekan, u ingliz tili filologiyasi yo‘nalishida tahsil olishni maqsad qilganini ta’kidlaydi. Uning aytishicha, sertifikat olish g‘oyasi oliy ta’lim muassasasiga kirish imkoniyatlarini kengaytirish istagidan boshlangan.

 

Sertifikat olish haqida o‘ylashimga aynan oliygohga kirish imkoniyatlarini oshirish istagi sabab bo‘lgan. Shundan so‘ng muntazam va rejali tarzda tayyorgarlikni boshladim.

 

Tayyorgarlik jarayonida Sabrina har bir fanga alohida yondashgan. Kuchli bo‘lgan fanlariga nisbatan kamroq vaqt ajratib, qiyinroq tuyulgan mavzular ustida ko‘proq ishlagan.

 

Masalan, matematika faniga ko‘proq vaqt sarflaganman. Chunki yuqori natijaga erishish uchun kamchiliklarni bartaraf etish muhim deb hisoblayman, — deydi bitiruvchi.

 

Sabrina tayyorgarlik davomida maktab darsliklari, test to‘plamlari, onlayn platformalar va ustozlari tavsiyalaridan samarali foydalangan. Uning fikricha, muntazam test ishlash, xatolar ustida ishlash va mavzularni takrorlab borish muvaffaqiyatning asosiy omillaridan biri bo‘lgan.

 

Ustozlarim bilan birgalikda xatolarimni tahlil qilib, ularni takrorlamaslikka harakat qilardim. Muntazam test ishlash va bilimlarni mustahkamlab borish eng samarali usul bo‘ldi.

 

Yosh bitiruvchining ta’kidlashicha, sertifikat imtihonlarida murakkab savollar ham uchragan. Biroq doimiy tayyorgarlik sababli bu holat katta qiyinchilik tug‘dirmagan.

 

Har kuni ma’lum vaqtni sertifikat tayyorgarligiga ajratardim. Kun tartibiga amal qilish va vaqtni to‘g‘ri rejalashtirish natijaga erishishda katta yordam berdi, — deydi u.

 

Shuningdek, u uyqu va dam olishning ham muhimligini alohida ta’kidlaydi.

 

Imkon qadar uyqu rejimimni saqlashga harakat qilganman. Chunki yaxshi natijaga erishish uchun nafaqat o‘qish, balki sifatli dam olish ham zarur.

 

Har qanday tayyorgarlik jarayonida bo‘lgani kabi, ba’zan ruhiy bosim va charchoq ham kuzatilgan. Bunday paytlarda esa yaqinlari va ustozlarining qo‘llab-quvvatlashi unga motivatsiya bergan.

 

Eng katta xatolardan biri shoshilish, savolni to‘liq o‘qimaslik va vaqtni noto‘g‘ri taqsimlashdir. Har bir savolga e’tibor bilan yondashish kerak. Eng muhimi esa tayyorgarlikni erta boshlash, muntazam ishlash va o‘ziga ishonishdir. Natija bir kunda kelmaydi, ammo sabr va mehnat albatta o‘z samarasini beradi, deya tavsiya beradi Sabrina.

 

Bugungi kunda Sayfullayeva Sabrina talabalik hayotiga tayyorgarlik ko‘rish bilan birga, o‘z ustida ishlashni davom ettirmoqda. U ingliz tili bo‘yicha bilimlarini yanada rivojlantirish maqsadida IELTS sertifikatini olish uchun ham tayyorgarlik olib bormoqda.

 

Sabrinani o‘qishlariga muvaffaqiyat tilab qolamiz!

 

Avvalroq, muddatidan oldin talaba bo‘lgan farg‘onalik abituriyent Og‘abek Rustamjonov bilan suhbatlashgan edik.