Samarqand shahridagi 47-son umumta’lim maktabining 8-sinf bitiruvchisi Abduvaxobova Shoxina xalqaro IELTS imtihonidan 8.0 ball olib, yuqori natijani qayd etdi. Yosh bo‘lishiga qaramay, u uzoq yillik mehnat, qat’iyat va intizom evaziga ko‘pchilik orzu qiladigan natijaga erishdi.
Samarqand shahridagi 47-son umumta’lim maktabining 8-sinf bitiruvchisi Abduvaxobova Shoxina IELTS 8.0 ballik xalqaro sertifikatni qo‘lga kiritdi.
Shoxinaning aytishicha, IELTS sertifikatini olish orzusi unda hali 4-sinfda o‘qib yurgan kezlaridayoq paydo bo‘lgan.
Talimxabarlari.uz sayti muxbiri mazkur o‘quvchi bilan sertifikatga tayyorgarlik jarayoni va rejalari haqida suhbatlashdi.
Bu orzuga onasining Prezident maktabida o‘qishini istashi sabab bo‘lgan. U saralash bosqichlarida yuqori natijalar ko‘rsatgan bo‘lsa-da, oilaviy sabablar tufayli Prezident maktabida tahsil olish nasib etmagan.
Shunga qaramay, matematika va ingliz tiliga bo‘lgan qiziqishi so‘nmagan.
Prezident maktabida o‘qimagan bo‘lsam ham, ingliz tili va matematikaga bo‘lgan qiziqishim meni tark etmadi. Shu sabab o‘z ustimda ishlashda davom etdim, — deydi o‘quvchi.
17 oy davom etgan jiddiy tayyorgarlik: har kuni 11:00 dan 20:00 gacha dars
Shoxina ingliz tiliga 2021-yildan qiziqa boshlagan. Biroq dastlab unga ingliz tili bilan faqat yozgi ta’til paytlarida shug‘ullanish imkoniyati bo‘lgan.
Keyinchalik yuqori natijaga erishish uchun muntazam tayyorgarlik zarurligini anglab, so‘nggi 17 oy davomida butun e’tiborini ingliz tilini o‘rganishga qaratgan.
U Samarqanddagi Sharks Zone o‘quv markazida ustoz Damir Numonov qo‘l ostida tahsil olgan.
Oxirgi 17 oydan beri o‘zimni ingliz faniga to‘xtozsiz bag‘ishladim. Yaxshi natija uchun kuchli ustoz kerakligini tushundim. Ustozimning metodikasi menga ham, minglab o‘quvchilarga ham yuqori (8.0 va undan baland) natijalarga erishishga yordam berdi, — deydi u.
Yuqori natija ortida katta mehnat yotadi.
Maktabdagi 3 soatlik darslardan so‘ng Shoxina har kuni soat 11:00 dan 20:00 gacha ingliz tili mashg‘ulotlarida qatnashgan. Bu tartib nafaqat ish kunlari, balki shanba va yakshanba kunlari ham davom etgan.
Eng murakkab bo‘lim — Writing
Til o‘rganayotganlar har doim ham hamma ko‘nikmalarni bir xil o‘zlashtira olmaydi, birdek o‘rganish uchun esa mehnat va vaqt talab qiladi. Shoxina uchun ham IELTS imtihonidagi qiyin ko‘nikma — Writing bo‘lgan.
Bir soat ichida 2 ta insho yozishning o‘zi yetarli emas, ular yuqori ballga loyiq g‘oya va mantiqiy tuzilishga ega bo‘lishi ham kerak. Bu ko‘nikmani ustozimning tavsiyalariga qat’iy amal qilish orqali rivojlantirdim.
IELTS imtihoni kompyuter formatida o‘tkazilgani sababli u tayyorgarlik davomida turli onlayn platformalar va veb-saytlardan keng foydalangan.
Shoxinaning ta’kidlashicha, ingliz tilida ko‘proq so‘z boyligiga ega bo‘lish ayniqsa Listening va Reading bo‘limlarida yuqori natija olishga katta yordam beradi.
Tayyorgarlik davomida charchoq va motivatsiya pasaygan paytlar ham bo‘lgan. Bunday vaziyatlarda u o‘zining erishgan yutuqlarini eslab, oldinga intilishda davom etgan.
“Imtihonda eng muhimi — xotirjamlik”
Shoxina ko‘plab abituriyentlar imtihon vaqtida shoshqaloqlik va e’tiborsizlik tufayli xatoga yo‘l qo‘yishini aytadi.
Birinchi va eng muhim maslahatim — xotirjam bo‘lish. Hayajon kuchaysa, hatto yaxshi bilgan narsalar ham yoddan chiqishi mumkin.
Shoxina kelajakda AQSHdagi universitetlardan birida grant asosida tahsil olishni maqsad qilgan.
Uning aytishicha, AQSHda otasi va boshqa yaqin qarindoshlari yashaydi. Shu bois u o‘qishni ham aynan shu mamlakatda davom ettirishni rejalashtirmoqda.
Shoxinani o‘qishlariga muvaffaqiyat tilab qolamiz!
Avvalroq, ingliz tilidan C1 darajali sertifikatni qo‘lga kiritgan buxorolik 8-sinf o‘quvchisi Raimov Afruz Suxrobovich bilan suhbatlashgan edik.
