Hukumat qarori bilan O‘zbekiston Respublikasi Odil sudlov akademiyasi magistraturasiga o‘qishga qabul qilishning yangi tartibi tasdiqlandi. Unga ko‘ra, magistraturaga qabul kunduzgi va kechki ta’lim shakllarida tanlov asosida amalga oshiriladi.
Vazirlar Mahkamasining 2026-yil 25-iyun kuni bilan “Oʻzbekiston Respublikasi Odil sudlov akademiyasi magistraturasiga oʻqishga qabul qilish tartibi toʻgʻrisida”gi 327-son qarori tasdiqlandi.
Nizomga koʻra, magistraturaga qabul jarayoni taʼlimning kunduzgi va kechki taʼlim shakllari uchun amalga oshiriladi.
Magistraturada oʻqish muddati – kunduzgi va kechki taʼlim shakllari uchun 1 yilni tashkil etadi.
Magistratura mutaxassisligining kechki taʼlim shaklida bir haftada odatda, 5 kun oʻqitiladi va haftalik oʻquv soati hajmi 20 akademik soat qilib belgilanadi.
Magistraturaga yurisprudensiya bakalavriat taʼlim yoʻnalishi va magistraturaga qabul boʻyicha turdosh oliy taʼlim yoʻnalishlari roʻyxati boʻyicha bakalavr darajasiga ega boʻlgan shaxslar oʻrtasida tanlov asosida qabul qilinadi.
Tanlov, qoida tariqasida, avgust oyida oʻtkaziladi.
Tashqi abituriyentlar uchun magistraturaga qabul Hukumatning 2025-yil 13-sentyabrdagi 578-son qarori bilan tasdiqlangan Oliy taʼlim tashkilotlarining magistraturasiga oʻqishga qabul qilish tartibi toʻgʻrisidagi nizom asosida Akademiya qabul komissiyasi tomonidan amalga oshiriladi.
Ichki abituriyentlar uchun qabul mutaxassislik fanlari, shuningdek, xorijiy tilni bilish darajasini belgilovchi sertifikat boʻlmaganda, chet tilidan test shaklidagi tanlov orqali amalga oshiriladi.
Magistratura bitiruvchilariga magistratura mutaxassisligi boʻyicha davlat namunasidagi diplom beriladi.
