Dunyoda 93 million bola maktabga bormayapti — BMT hisoboti

Dunyoda 93 million bola maktabga bormayapti — BMT hisoboti

BMTning Education Cannot Wait (ECW) jamg‘armasi hisobotiga ko‘ra, qurolli mojarolar, majburiy ko‘chish va iqlim o‘zgarishi oqibatida dunyo bo‘ylab 258 million maktab yoshidagi bola va o‘smir ta’lim olishda jiddiy muammolarga duch kelmoqda. Ularning 93 million nafari esa umuman maktabga bormaydi.

 

BMTning inqirozli hududlarda ta’limni qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha global jamg‘armasi — Education Cannot Wait (ECW) yangi hisobot e’lon qildi.

 

Hisobotga ko‘ra, dunyo bo‘ylab 258 million nafar maktab yoshidagi bola va o‘smirning ta’lim olishi qurolli mojarolar, majburiy ko‘chish va iqlim bilan bog‘liq ofatlar sabab izdan chiqmoqda.

 

Qayd etilishicha, ularning 93 million nafari umuman maktabga bormaydi. Yana millionlab bolalar maktabda tahsil olayotgan bo‘lsa-da, sifatli ta’lim olish imkoniyatidan mahrum bo‘lib qolmoqda.

 

Tadqiqot natijalariga ko‘ra, eng og‘ir inqiroz kuzatilayotgan 20 ta hududda yashovchi 74 million bola maktabdan tashqarida qolgan. Bu esa inqirozdan zarar ko‘rgan va ta’lim ololmayotgan bolalarning qariyb 80 foizini tashkil etadi.

 

Hisobotda majburiy ko‘chirilgan bolalar, qizlar, qochqinlar hamda nogironligi bo‘lgan bolalar ta’lim olishda eng katta to‘siqlarga duch kelayotgani ta’kidlangan.

 

Shuningdek, mojarolar hukm surayotgan mamlakatlarda o‘quvchilarning o‘qish savodxonligi darajasi sezilarli darajada pastligi qayd etilgan. Masalan, bunday mamlakatlarda 6-sinf o‘quvchilarining atigi 30 foizi o‘qish bo‘yicha minimal ko‘nikmalarga ega.

 

Education Cannot Wait tashkiloti rahbari Maysa Jalboutning ta’kidlashicha, mojarolar va iqlim o‘zgarishi ta’lim sohasida yillar davomida erishilgan yutuqlarni ortga surmoqda. Shu sababli ta’limdagi yo‘qotishlarning doimiy tus olmasligi uchun qo‘shimcha investitsiyalar zarur.

 

Ma’lumot uchun, Education Cannot Wait tashkiloti tashkil etilganidan buyon inqirozdan zarar ko‘rgan 14 milliondan ortiq bolani ta’lim bilan qamrab olgan.

 

Avvalroq, dunyo bo‘ylab ta’lim muassasalari, o‘quvchilar va pedagoglarga hujumlar 40 foizga oshganligi haqida xabar berilgan edi.